Bugun O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi Murod Xidir 84 yoshida vafot etdi.
Murod Xidir 1939 yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Olaqo`yliq qishlog`ida tug`ilgan. 1962 yilda Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. U “Qashqadaryo haqiqati” va “Kelajak tongi” gazetalaridagi publisistik maqolalari bilan elga tanilgan. “Guliston”, “Sharq yulduzi” va “San`at” jurnallarida ham faoliyat yuritgan. “Sirli olam” jurnali, “Qalb ko`zgusi” va “Sohibqiron yulduzi” gazetalarida bosh muharrirlik vazifasini bajargan. Shuningdek, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasida turli lavozimlarda ishlagan.
Murod Xidir “Qirg`oqlar”, “Amu sohillar bo`ylab”, “Ko`zacha va bo`tacha”, “Toshko`l”, “Kiyikcha va bo`ynoq”, “Harf o`yini” kabi kitoblar muallifi sanaladi.
O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi Murod Xidirning vafoti munosabati bilan uning oila a`zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Janoza ertaga peshin namozidan so`ng Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Olaqo`yliq qishlog`idagi G`ayrat Xidirov xonadonida o`qiladi. Marhum o`zi tug`ilib o`sgan maskandagi G`oyib ota qabristoniga qo`yiladi.






