Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida ko`p qavatli uyning sifatsiz qurilayotgani, qurilish mahsulotlari talabga javob bermaydigan darajada ishlatilayotgani aks etgan video tarqlgan edi. Holat Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirli tomonidan o`rganildi.
Ma`lum qilinishicha, Toshkent viloyati Olmaliq shahri Islom Karimov MFY hududida bunyod etilayotgan 9 qavatli turar-joy binosi qurilishida qoidabuzarliklar aniqlangan va ishlar sifatsiz bajarilgan. Jumladan:
- ushbu turar-joy binosini qurishda ShNQ 2.01.03-19 “Zilzilaviy hududlarda qurilish” me`yor talablari buzilgan holda kotlovan tayyorgarligi to`g`risida geolog dalolatnomasi va zamin tuproq qatlami zichligi bo`yicha laboratoriya xulosalari to`liq rasmiylashtirilmagan;
- ob`ektning barcha qavatlarini ko`tarishda ShNQ 2.01.03-19 “Zilzilaviy xududlarda qurilish” me`yor talablari buzilgan holda monolit-beton kontruksiyalarning mustahkamligi bo`yicha laboratoriya sinovlarining xulosalari olinmagan;
- ob`ektda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmagan.
Xavfsizlik lentalari tortilmay opalubka montaj ishlari bajarilgan. Shuningdek, opalubka montaj ishlarida loyihadan chetga chiqish holatlari kuzatilgan;
• ob`ekt qurilishining loyiha va qurilish me`yorlari talablariga muvofiq amalga oshirilganligi yuzasidan ijro sxemalar, ishlatilgan qurilish materiallarining sifatini tasdiqlovchi pasport va sertifikatlar, yopiq ishlar dalolatnomalari ShNQ 3.01.01-03 talablarida belgilangan ijro hujjatlari to`liq rasmiylashtirilmagan.
Bugungi kunda qurilish montaj ishlari vaqtincha to`xtatilgan.
Yuqorida ko`rsatib o`tilgan qoidabuzarliklarni loyiha va qurilish me`yorlari talablari asosida bartaraf etilishi yuzasidan texnik nazoratchi hamda pudratchi mas`ullariga tegishli ko`rsatmalar berilgan. Pudrat tashkiloti rahbari O`zbekiston Respublikasi ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 99-moddasiga asosan jarimaga tortilgan.






