Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shaxsiy xavfsizlik bo`limi hamda Sirdaryo viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o`tkazildi. Bu haqda Departament matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda, hech qaerda ishlamaydigan M.A. fuqaro T.M.ning ishonchiga kirib, unga o`zini go`yoki Departamentning Yangier shahar bo`limi xodimi sifatida tanishtirib, 1 000 AQSh dollari evaziga uni ushbu bo`limga ishga joylashtirib qo`yishini aytib, shundan 600 AQSh dollarini 2023 yil 15 aprel kuni olib, qolgan 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.
"Hurmatli fuqarolar, agarda Sizga va yaqinlaringizga o`zini Departament yoki biron bir huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi deb tanishtirib, turli yo`llar bilan tamagirlik qilib, pul yoki boshqa moddiy qimmatliklar talab qilsa, bu haqda zudlik bilan Departament shaxsiy xavfsizlik bo`limining 71-202-86-67 (ichki raqam 8088 yoki 8086) raqamli “Ishonch telefoni”ga ma`lum qilishingizni so`raymiz.
Murojaatchilar va ularning yaqin qarindoshlari haqidagi ma`lumotlarning sir saqlanishi to`liq kafolatlanadi " deyiladi xabarda.






