Toshkentda YPX xodimlari "qoidabuzar haydovchini" quvlagani, buning natijasida bir nechta mashinalar shikastlangani va odamlarni ham urib ketilgani aytilgan video tarqaldi
Toshkent shahar IIBB qayd etishicha, holat 2023 yil 22 aprel kuni soat taxminan 23:00 larda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli - Muqumiy chorrahasida sodir bo`lgan.
"Prava"si bo`lmagan Shayxontohur tumanida yashovchi 2001 yilda tug`ilgan S.X. boshqaruvida bo`lgan 01 509 HJA davlat raqamli , qora rangli "Chevrolet Jentra" rusumli transport vositasiga jezl va hushtag yordamida to`xtash ishorasini bergan inspektorining qonuniy ishorasiga bo`ysunmasdan harakatni davom ettirgan.
Haydovchining hatti - harakati xodimlarda shubha uyg`otgan. Shundan so`ng “Cobalt" xizmat transportida "Chevrolet Jentra" avtomashinasining orqasidan kuzatuv olib borilgan va maxsus avtomashinadagi ovoz kuchaytirgich orqali bir necha marotaba haydovchiga to`xtash ishorasi berilgan.
Haydovchi S.X. esa inspektorlarning qonuniy talabini bajarmasdan Shota Rustaveli - Komil Yashin hamda Bog`i Bo`ston - K.Yashin chorahalarida svetaforning taqiqlovchi qizil chirog`iga bo`ysunmasdan belgilangan me`yoriy tezlikni oshirib harakatlangan.
Shundan so`ng haydovchi Komil Yashin - S.Sirojidinov chorrahasida transport vositasida ikkinchi darajali yo`ldan chiqib, asosiy yo`ldan kelayotgan skuterga yo`l bermasdan to`qnashuv sodir etib, Komil Yashin 1-tor ko`chasidagi 81-uy qarshisida yo`l chetida to`xtab turgan, ( Yakkasaroy tumanida yashovchi K.J ga tegishli bo`lgan) 01 S 330 HB davlat raqamli, "Cobalt" rusumli avtomashinaga borib urilib, yo`l-transport hodisasi sodir etgan.
Kuzatuv ishlarini olib borayotgan YPX inspektorlari Yakkasaroy tumanida yashovchi Skuter haydovchisi 2004 yilda tug`ilgan, Yu.A. hamda "Chevrolet Jentra" avtomashina yo`lovchisi Chilonzor tumanida yashovchi 2002 yilda tug`ilgan, I.S. lariga birinchi yordam ko`rsatishgan hamda tez tibbiy yordam xodimlari orqali yaqin atrofdagi shifoxonaga olib borishgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Tergov davom etmoqda.