1

​Koronavirus o`pkada qanday asoratlar qoldirmoqda?

Salomatlik 24.04.2023, 09:55
​Koronavirus o`pkada qanday asoratlar qoldirmoqda?

Ushbu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpieva quyidagicha javob berdi: 

— Pandemiya boshlangandan buyon COVID-19 juda ko`p bor mutasiyaga uchradi. Avvaliga koronavirusning o`zi insonlar hayotiga katta xavf tug`dirgan bo`lsa, keyinroq uning og`ir asoratlar keltirib chiqarishi ma`lum bo`ldi. 

Shundan eng keng tarqalgani — o`pka fibrozi. Koronavirusli pnevmoniyaga chalingan bemorlarda tegishli muolajalardan so`ng o`pkada chandiqlar hosil bo`lib, bu, vaqt o`tishi bilan nafas olish samaradorligi pasayishiga olib keldi.

Pandemiyaning ilk yillarida SOVID-19ga chalingan bemorlarning taxminan 20-25 foizida pnevmoniya rivojlangan bo`lsa, “delta” shtammi dominant versiyaga aylangach, bu ko`rsatkich yanada ortdi. Eng yomoni, o`sha yillarda o`lim ko`rsatkichlari keskin ko`paydi. Muolaja olib, to`liq sog`ayganlarda ham asoratlar qoldi. O`pkadagi yallig`lanish o`rnida chandiqlar paydo bo`ldi. 

Fibroz tufayli sog`lom o`pka to`qimalari o`z xususiyatini yo`qotodi. Oqibatda alveolalar (o`pkadagi gaz almashinuvi uchun mas`ul pufakchalar) kislorodni o`zlashtira olmaydi va nafas olish funksiyasi buziladi. Agar tegishli muolajalar amalga oshirilmasa, o`pka fibrozi asta-sekin qator asoratlarni yuzaga keltiradi.

Jumladan, bemor hansirash va havo etishmasligi, surunkali yo`taldan aziyat chekadi. O`pka, yurak etishmovchiligi paydo bo`lishi mumkin. Miyaning kislorodga to`yinmasligi esa  ruhiy holat va ong o`zgarishiga olib keladi.

Kuzatuvlarga ko`ra, “omikron”ning VA.2 turida ham “delta” shtammiga xos xususiyatlar qisman namoyon bo`ldi. Ya`ni, mazkur subvariant yuqori nafas yo`llarigagina emas, balki insonning nozik a`zosi — o`pkasiga “zarba” berdi. 

JSST tomonidan bu yil COVID-19 pandemiyasi bekor qilinishi kutilmoqda. Ammo bu odamlar endi koronavirusga chalinmasligini anglatmaydi. Faqat infeksiyani yuqtirish ko`rsatkichlari keskin kamayib, o`sish dinamikasi qayd etilmacligi mumkin. Shu bois, kasallikning oldini olish uchun virusga qarshi to`liq bosqichda hamda buster dozada emlanish lozim. Bu esa eng to`g`ri va samarali yo`ldir.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1