AsosiyJamiyat

Yangi tahrirdagi Konstitusiyada insonning shaxsiy sir, mulk va hayot daxlsizligi kafolatlanmoqda

'Yangi tahrirdagi Konstitusiyada insonning shaxsiy sir, mulk va hayot daxlsizligi kafolatlanmoqda'ning rasmi

Qayd etish lozimki, yangi tahrirdagi Konstitusiya loyihasining 31-moddasida beshta muhim qoidalar belgilab qo`yilmoqda:

birinchidan, har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo`lish, o`z sha`ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda;

ikkinchidan, kim yozishmalari, telefon orqali so`zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga egaligi, ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo`l qo`yilishi qayd etilmoqda;

uchinchidan, har kim o`z shaxsiga doir ma`lumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek noto`g`ri ma`lumotlarning tuzatilishini, o`zi to`g`risida qonunga xilof yo`l bilan to`plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo`lmay qolgan ma`lumotlarning yo`q qilinishini talab qilish huquqiga kafolatlanmoqda;

to`rtinchidan, har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga egaligi kafolatlanmoqda;

beshinchidan, hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emasligi, uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qo`yishni va ko`zdan kechirishni o`tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo`l qo`yilishi, uy-joyda tintuv o`tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo`l qo`yilishi alohida qayd etilmoqda.

Birinchi qoidada keltirilgan shaxsiy va oilaviy sirlar deganda, nafaqat individual xarakterga ega bo`lgan hayot sohasini, balki fe`l atvor va odatlar, hayotiy voqealar, qarashlar, uchrashuvlar, intilishlar, moyilliklar, jismoniy nuqsonlar, muddati o`tgan sudlanganlik, ruhiy va boshqa kasalliklar nazarda tutiladi. Shaxsiy sirlar - bu inson hayotidagi voqealar, faktlar, taqdir sharoitlari to`g`risidagi har qanday insonning o`zi ochiqlashni xoxlamayotgan va bu malumotlar boshqalarga ma`lum bo`lmasligidir. Uning shaxsiy sir ekanligi o`sha shaxs tomonidan ochiqlanishi mumkin emasligini e`tirof etishdir.Oilaviy sirlar shaxsiy sirlardan shunisi bilan farq qiladiki, u bir necha oila azolariga tegishli bo`ladi. Oilaviy sirlar oilaning a`zolariga taalluqli bo`lishi mumkin. Bunda sir oilaning barcha a`zolari tomonidan ham emas, balki bir-ikki azosi tomonidan ham konfidensial deb topilishi mumkin. Oilaviy sirlarda ma`lumotlar oilaning barcha a`zolarini yohud ba`zi birlariga aloqador ham bo`lishi mumkin.

Ikkinchi va uchinchi qoidada keltirilgan jamiyatda har bir insonning shaxsiy hayot daxlsizligini ta`minlashga qaratilgan muhim huquq sirasiga kiradi. Yozishmalar, telefon so`zlashuvlari, telegraf va shaxsiy yozishmalar, ma`lumotlar shaxsiy sir deb baholanishi uchun inson o`zi uni sir sifatida saqlanishi uchun g`amxo`rlik qilishi, himoyalashi lozim. “Aloqa to`g`risida”gi Qonunning 13-moddasida shu haqda alohida norma kiritilgan. Vaholanki, inson bunday malumotlarni xohishiga ko`ra ochiqlanishiga harakat qilsa, u shaxsiy sir maqomini yo`qotadi. Shaxsiy va oilaviy sirlar davlat tomonidan muhofazalanishi va bunday muhofaza davlat siridan kam bo`lmagan darajada bo`lishi lozim.

Endilikda tergovchi, surishtiruvchi va prokuror tomonidan tintuv o`tkazish va telefon so`zlashuvini eshitish zaruratini sudga asoslantirishi zarur bo`ladi. Qachon sud ruxsat bersagina uning telefon so`zlashuvlari eshitilishi, uy-joyi tintuv qilinishi mumkin. Chunki sud prokurorga nisbatan jinoyat ishi yuzasidan hech bir idoraviy yoki boshqa manfaatga ega emas, u betarafdir. 2019 yilda qabul qilingan “Shaxsga doir ma`lumotlar to`g`risida”gi qonunga ko`ra, shaxsga doir ma`lumotlardan foydalanishga ruxsat olgan shaxslar ushbu ma`lumot egasining roziligisiz shaxsga doir ma`lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etmasligi va tarqatmasligi shart.

To`rtinchi va beshinchi qoidalarda keltirilgan huquq uy-joyning mulkdori va undan foydalanuvchilarning roziligisiz biror-bir shaxs uy-joyga kirishga, jarayonlarni kuzatishga, foto va video tasvirga olishga haqli emasligini anglatadi. Daxlsizlik kafolatlari nafaqat uy-joyning o`ziga, balki uning ichida joylashgan barcha ob`ektlar va hujjatlarga, shuningdek unda saqlanadigan barcha ma`lumotlarga nisbatan ham qo`llaniladi. Turar joy daxlsizligiga oid normalar Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks (45-modda), Jinoyat kodekslarida (142-modda) o`z ifodasini topgan. Mazkur qoidalar Ozarbayjon, Armaniston, Qozog`iston, Rossiya va boshqa davlatlar konstitusiyalarida mavjud.

Yangi tahrirdagi Konstitusiyada bunday mazmundagi normalarning belgilanishi inson va fuqarolarning shaxsiy hayot daxlsizligini, sha`ni va qadr-qimmatini himoya qilishni ta`minlashda muhim kafolat bo`lib xizmat qiladi.

       

Sherzod Zulfiqorov,
O`zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizlgi universiteti professori 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar