Biz bolajon xalqmiz. Har bir ota-ona bolasiga eng yaxshi odob-ahloq, ta`lim-tarbiya, bilim-ilm berishni, kelajakda komil inson bo`lib voyaga etishini orzu qiladi hamda hayotining mazmuni deb biladi. Shuning uchun ham yangi tahrirdagi Konstitusiyaning 78-moddasida davlat bolajonlarning bir qator huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash borasidagi burchlarini o`z zimmasiga olmoqda.
Ba`zi ota-onalar bu borada amaldagi Konstitusiyada moddalar bor ediku, endi yana qanday yangi normalar kiritilmoqda, deya qiziqib fikr bildirishmoqda.
Darhaqiqat, amaldagi Konstitusiyaning 64-moddasida ota-onalar farzandlarining voyaga etguniga qadar boqishi va tarbiyalashi majburiyati, 65-moddasida farzandlar ota-onalarining nasl-nasabidan va fuqarolik hotalidan qat`iy nazar, qonun oldida tengligi huquqi belgilagan edi. Lekin davlatning bu huquqni ta`minlash bo`yicha majburiyatlari, otalik huquqi muhofazasi, yoshlarda milliy qadriyatlarga sodiqlik, vatanparvarlik tuyg`ularini shakllantirish to`g`risida g`amxo`rlik qilishi belgilanmagan edi.
Yangi tahrirdagi Konstitusiyaning 78-moddasining birinchi “Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat`i nazar, qonun oldida tengdirlar”qismiga ilk marotaba yangi ikkinchi qism “Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to`laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir” deya qo`shimcha kiritilmoqda. Bu norma o`z navbatida shiddat bilan rivojlanib borayotgan globallashuv davrida bolajonlarimizning ham ma`naviy ham jismoniy jihatdan sog`lom va barkamol bo`lib voyaga etishiga xizmat qiladi.
78-moddaning uchinchi qismida ilk marotaba nafaqat onalik va bolalik, balki otalik huquqlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilanmoqda. Bu qism ham o`ta muhim qadam bo`lib, farzand tarbiyasida shart-sharoitdan qat`iy nazar ham ota ham ona birdek mas`ul ekanligi belgilanmoqda. Bu esa bolaning oilada to`liq e`tiborda bo`lishi va o`ksinmasdan mehr-oqibat muhitida ulg`ashiga xizmat qiladi
Bu moddaning to`rtinchi qismida “Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo`lgan mehr-muhabbat tuyg`ularini shakllantirish to`g`risida g`amxo`rlik qilish” kabi serqirrali mas`uliyatni olmoqda. Bu norma o`z navbatida bolajonlarimizni yoshligidan ongu-tafakkurini milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash va hayotda o`z o`rnini topa olishiga xizmat qiladi.
Bu kabi o`xshash normalar Belgiya, Gresiya, Gruziya, Polsha, Italiya, Turkiya, Finlyandiya, Xorvatiya kabi davlatlar konstitusiyalarida o`z aksini topgan.
Xulosa qilar ekanmiz, mamlakatimiz bolalarning ijtimoiy, ma`naviy va axloqiy farovonligiga, shuningdek, ularning jismoniy va ruhiy sog`lom bo`lib rivojlanishiga ko`maklashish maqsadida o`zining xalqaro majburiyatlarni to`liq bajarmoqda va mazkur majburiyatlarga sodiqligini bildirgan holda, mazkur yangi normalar konstitusiyaviy darajada mustahkamlamoqda.
Feruza Usarova,
O`zR FA huzuridagi O`zbekistonning eng yangi tarixi markazi direktori,
siyosiy fanlar nomzodi, dosent






