Ijtimoiy tarmoqlarda 3 yoshar qizning o`limi holati yuzasidan videomurojaat tarqaldi. Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 25 aprel kuni 1996 yilda tug`ilgan D.U. Sergeli tumani IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, sinfdoshi 1996 yilda tug`ilgan Sh.N.ga voyaga etmagan farzandi 2020 yilda tug`ilgan S.U.ni enagalik qilishi uchun topshirganligini, lekin farzandi uning xonadonida vafot etganligini ma`lum qilgan.
Tekshiruv jarayonida Sh.N.ning bildirishicha, 24 aprel kuni voyaga etmagan S.U. erto`laga tushish zinasidan yiqilib tushgan, lekin o`rnidan turib, yana o`ynab ketgan. Shu sababli, Sh.N. bolaning onasiga bu haqda xabar bermagan. Ertasi kuni taxminan soat 10:00 larda S.U. hushidan ketib, yiqilgan va tez tibbiy yordam xodimlari kelguniga qadar vafot etgan.
Marhumaning o`lim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Gumon qilinuvchi Sh.N. prosessual tartibda ushlangan. Tergov davom etmoqda.






