Andijon viloyatining Marhamat tumanida hokim topshirig`iga ko`ra, ishdan tashqari vaqt — kechasi 21:00 dan keyin ishga chaqirilgan obodonlashtirish xodimi yo`lda YTHga uchrab, vafot etdi. Bu haqda "Daryo" manbasi xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Marhamat tumani hokimi topshirig`iga ko`ra, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari kecha, 25 aprel kuni kechki payt soat 21:00 dan keyin shoir Muhammad Yusuf qabrini obodonlashtirish uchun majburiy mehnatga jalb qilingan.
"Shoir Muhammad Yusuf tug`ilgan kuni munosabati bilan kecha kechki payt 21:00 dan keyin tuman hokimi topshirig`i bilan Obodonlashtirish xodimlari majburan ishga jalb qilindi. Shoir qabristoniga kelayotgan obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari bo`lgan ikki ayol yo`lda avariyaga uchrab, biri vafot etdi", — deydi bu haqda xabar bergan manba.
Manbaning aniqlik kiritishicha, YTHga uchragan ayollar — Arofatxon va Enaxon ismli ayollar bo`lgan.
"Arofatxon voqea joyida vafot etgan", — deydi manba.
Marhamat tumani hokimligi javoban YTH sodir bo`lganini tasdiqladi.
"Joriy yilning 25 aprel kuni soat taxminan 22:30 larda fuqaro J.T. o`zining boshqaruvida bo`lgan Matiz`da Marhamat tumani "To`lg`a" MFY o`ramidan o`tgan Marhamat—Quva avotomobil qatnov yo`lining Quva yo`nalishida harakatlanib borib, boshqaruvni yo`qotishi natijasida yo`l chetida ketayotgan fuqarolar A.J. va E.B.larni urib yuborgan. Mazkur holat yuzasidan Marhamat tumani IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zgatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini, tergov yakuni bo`yicha aybdor shaxslarga jazo muqarrarligi ta`minlanishini hamda qo`shimcha ma`lumot berilishini ma`lum qilamiz", — deyiladi tuman hokimligining dastlabki rasmiy bayonotida.
26.04.2023 16:13
Andijonda tunda majburiy mehnatga jalb qilingan obodonlashtirish xodimi YTH oqibatida vafot etdi
