AsosiyJamiyat

Germaniya banki O`zbekistonda 175 mln evroga teng 7 ta investisiyaviy hamda grant loyihasi amalga oshirmoqda

'Germaniya banki O`zbekistonda 175 mln evroga teng 7 ta investisiyaviy hamda grant loyihasi amalga oshirmoqda'ning rasmi

❗️SSV: 26-27 may kunlari Samarqandda O`zbekiston — Germaniya xalqaro tibbiyot forumi o`tkaziladi

Bugun Sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner bilan muloqot o`tkazdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda tibbiyot sohasi bo`yicha ko`p qirrali aloqalarni kengaytirish, o`zaro hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Xususan, ayni paytda Germaniyaning Frayburg, Sharite, Gannover xalqaro neyroilmiy hamda Robert Kox oliygohlari bilan onkologiya, neyroxirurgiya, kardioxirurgiya, telemedisina yo`nalishlarida hamkorlik davom ettirilmoqda. 

Germaniyaning KfW banki bilan O`zbekistonda sog`liqni saqlash muassasalarini modernizasiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, muqobil energiya manbalarini ishga tushirish va tibbiy ta`lim bo`yicha umumiy qiymati 175 mln. evroga teng 7 ta investisiyaviy hamda grant loyihasi amalga oshirilmoqda. 

Jumladan, “Reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni muhofaza qilish” loyihasi mamlakatimizda ixtisoslashgan pediatriya xizmatini yaxshilashga qaratilgan.

“Sil kasalligiga qarshi kurash” grant loyihasining 5 va 6-bosqichi Respublika ixtisoslashgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda hududiy silga qarshi dispanserlarni zamonaviy jihoz va asbob-uskunalar bilan ta`minlashni ko`zda tutadi.

Qolaversa, hududiy ko`p tarmoqli tibbiyot markazlarida teleradiologiyani joriy etish, sog`liqni saqlash sohasiga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish, Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi shifo maskanlarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, Termizda tibbiy ta`lim hamda malaka oshirish dasturini modernizasiya qilishga doir loyihalar ham mavjud. 

Bundan tashqari, Germaniyaning Sharite va Robert Kox universitetlari klinikalari bilan hamkorlikda “Robert Kox – Ibn Sino” tibbiyot fondi tashkil etilib, uning doirasida tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish, telemedisina yordamida mahorat darslari qamrovini oshirish, xorijiy investisiyani jalb qilish belgilangan. 

Muloqot davomida shu yilning 26-27 may kunlari Samarqand shahrida O`zbekiston — Germaniya xalqaro tibbiyot forumi o`tkazilishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Ta`kidlanganidek, ushbu nufuzli tadbir orqali ikki davlat o`rtasida sog`liqni saqlash, tibbiy ta`lim, farmasevtika, IT, xalq tabobati kabi qator yo`nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish, o`zaro tajriba almashish va sohaga daxldor qo`shma korxonalar yaratish imkoniyatlarini o`rganish maqsad qilingan.  
 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar