“Yuksalish” umummilliy harakati raisi, O`zbekiston Oliy Majlisi deputati Bobur Bekmurodov SSSRdan mustaqillikka erishgan davlatlarning suverenitetini shubha ostiga olgan Fransiyadagi Xitoy elchisining gaplariga nisbatan munosabat bildirdi.
Deputat o`zining Telegram'dagi sahifasida O`zbekiston mustaqilligini jahonning 150 dan ortiq davlati tan olgani, jumladan, Xitoy bilan 1991 yilning 27 dekabrida o`zaro diplomatik aloqalar o`rnatilganini ta`kidlagan. Shuningdek, u O`zbekiston bir qator xalqaro tashkilotlarga teng huquqli a`zo ekani, mamlakatda 120 dan ortiq millat yashashi va aholi soni 2040 yilga borib 50 millionga etishiga urg`u bergan. Mamlakatning 3 ming yillik tarixga ega ekanini e`tirof etib, O`zbekistonning mustaqilligi borasidagi har qanday shubhalar asosga ega emasligini bildirgan.
“Shu tufayli postsovet xududidagi mamlakatlarning mustaqilligi borasidagi har qanday shubhalar va ziddiyatli fikrlarning O`zbekistonga hech qanday aloqasi yo`q. O`zbekiston mustaqilligi daxlsizdir”, deb yozadi u.






