1

2025 yilga borib, dunyoda har ikki kishidan biri allergiyadan aziyat chekishi mumkin

Salomatlik 26.04.2023, 22:03
2025 yilga borib, dunyoda har ikki kishidan biri allergiyadan aziyat chekishi mumkin

Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori,  tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova allergik kasalliklarning dunyo bo`yicha keng tarqalayotgani haqida gapirdi.

Uning so`zlariga ko`ra:
 — Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, hozir Er yuzi aholisining 35-40 foizi allergiyadan aziyat chekmoqda. Har uch kishidan biri allergik rinit, har o`ninchi odam bronxial astmaga chalingan.

Bu atrof-muhit ifloslanishi, kimyoviy qo`shimchalar va konservantlar bilan boyitilgan oziq-ovqat mahsulotlari iste`moli ortishi, dori vositalarini haddan tashqari ko`p qabul qilish, kam xarakatlilik, stress kabi omillar bilan bog`liq.

Eng yomoni, vaziyat kelgusida yanada yomonlashishi mumkin. Jumladan, JSST prognoziga tayansak, 2025 yilga borib, dunyo aholisining teng yarmi allergik kasalliklar bilan kurashishiga to`g`ri keladi. Ba`zi rivojlangan mamlakatlar esa hozirdanoq ushbu chiziqqa etib ulgurdi.

Vaholanki, bundan 50-60 yil avval allergik kasalliklar sayyoramiz aholisining bor-yo`g`i 2-3 foizida uchragan. Biroq keyingi o`n yilning o`zida bu dardga chalingan bemorlar soni 2 barobar oshdi.

Ayniqsa, globallashuv jarayoni jadal kechayotgan AQSh, Yaponiya, Evropa Ittifoqi davlatlarida bu borada vaziyat ancha xavotirli.

 Qolaversa, koronavirus insoniyat boshiga tushgan og`ir sinov bo`ldi. Mazkur xavfli infeksiyaga chalinganlarni davolashda antibiotiklar, ferment va garmon preparatlari, vitaminlar, qon suyultiruvchi vositalardan ko`p miqdorda foydalanish allergik kasalliklarni avj oldirib yubordi.

Oqibatda anafilaktik shok, toksikoallergiya, Layella va Stivens-Djonson sindromi kabi oxiri o`lim bilan yakun topadigan allergik kasalliklar ko`paydi. Shu sababli bugun allergiya epidemiyaga qiyoslanmoqda.

 Bundan tashqari, nosog`lom turmush tarzi insoniyat salomatligiga jiddiy putur etkazyapti. Noto`g`ri ovqatlanish — ular orasida eng keng tarqalgan omil. Bu xastalik asosan bolalar, xususan, emizikli go`daklar orasida ko`p uchraydi. Uning xatarli tomoni – allergenning kam miqdori ham ba`zan inson hayotiga xavf tug`dirishi mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1