AsosiyJamiyat

Anqara Erdo`g`on infarktni boshdan o`tkazganini rad etdi

'Anqara Erdo`g`on infarktni boshdan o`tkazganini rad etdi'ning rasmi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo`g`on ma`muriyatining aloqa bo`limi qoshida tashkil etilgan Dezinformasiyaga qarshi kurash markazi davlat rahbarining infarktga uchragani va shifoxonaga yotqizilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. 

Shuningdek, Turkiya vise-prezidenti Fuat O`qtay Erdo`g`onning ahvoli “juda yaxshi” ekanini aytdi.

“Prezidentimizning ahvoli juda yaxshi. Doimiy aloqadamiz. Bir oz shamollagan, xolos”, — deya ta`kidladi siyosatchi Anqara — Sivas shaharlararo tezyurar poezd qatnovi yo`lga qo`yilishi munosabati bilan so`zlagan nutqida.

Turkiya prezidenti ma`muriyati aloqa bo`limi rahbari Faxriddin Altun Erdo`g`an 27 aprel kuni bo`lib o`tadigan “Oqquyu” atom elektr stansiyasining ochilish marosimida onlayn formatda ishtirok etishini ma`lum qildi.

Turkiyada Erdo`g`on jamoasi prezidentning barcha saylovoldi chiqishlari va ommaviy tadbirlarini 3 mayga qadar bekor qilgan edi. Mamlakatda 14 may kuni prezidentlik saylovlari bo`lib o`tadi.

Erdo`g`onning sog`lig`i yomonlashdi
25 aprel kuni saylov kampaniyasi doirasida Erdo`g`on televidenieda jonli efirga chiqib, savollarga javob berayotgan paytida uning salomatligi yomonlashdi. 

Shu sababli jonli efir uzib qo`yildi. 20 daqiqadan so`ng Erdo`g`on efirda ko`rinish berib, tomoshabinlardan uzr so`radi va saylovoldi ishlari davomida oshqozoni shamollab qolganini aytdi. Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlarda siyosatchi miokard infarktini boshidan o`tkazgani haqida tasdiqlanmagan xabar tarqalishni boshladi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar