Toshkent xalqaro investisiya forumida Prezident Markaziy Osiyoda yaxshi qo`shnichilik siyosatini davom ettirib, iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo`yicha qo`shni davlatlar bilan faol ishlanayotganini ta`kidladi.
Ushbu maqsadlarda qo`shma investisiya fondlari tashkil qilinib, sanoat, energetika, transport va suv xo`jaligi sohalarida yirik mintaqaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Iqtisodiyotlarimizning “bir-birini to`ldirishi” tamoyili asosida sanoat va agro kooperasiyalari qat`iy davom ettirilishi ta`kidlandi.
Masalan, Qirg`iziston bilan hamkorlik natijasida so`nggi yillarda o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 5 barobar va qo`shma korxonalar soni 8 barobar oshdi. Xususan, to`qimachilik, avtomobilsozlik, geologiya, kimyo sanoati, qishloq va suv xo`jaligi, chorvachilik kabi yo`nalishlarda birgalikda katta-katta loyihalar boshlandi. Bularning barchasi 2021 yilda tashkil etilgan O`zbekiston–Qirg`iziston taraqqiyot jamg`armasi tomonidan moliyalashtirilmoqda.
“Qambarota GES-1” va “Xitoy – Qirg`iziston – O`zbekiston” temir yo`lini qurish loyihalari bo`yicha ham ishlar jadal davom etmoqda.






