Toshkent forumi dorasidagi navbatdagi uchrashuv Birlashgan Arab Amirliklari delegasiyasi bilan o`tkazildi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu mamlakat energetika va infratuzilma vaziri Suxayl al-Mazruiyni qabul qildi.
O`zbekiston-BAA ko`p qirrali hamkorligi doirasidagi loyihalarni ilgari surish masalalari ko`rib chiqildi.
Muzokaralar avvalida vazir al-Mazruiy davlatimiz rahbariga Prezident Shayx Muhammad Ol Nahayon va Vise-prezident, Bosh vazir, Dubay Amiri Shayx Muhammad Ol Maktumning salomini etkazdi.
Ikki tomonlama munosabatlar rivojining bugungi yuqori sur`ati katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Keyingi bir necha yilda tovar ayirboshlash ikki barobar oshdi, 50 ta yangi korxona tashkil etildi, investisiya loyihalari portfeli 3 milliard dollardan ortdi. Qo`shma investisiya kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Bo`lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko`rish va ularni aniq mazmun bilan boyitish maqsadida O`zbekiston etakchisi “yashil” iqtisodiyot, energetika, transport va logistika, qishloq xo`jaligi, infratuzilma va boshqa ustuvor yo`nalishlarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish muhimligini ta`kidladi.






