Chortoq tuman tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida 2023 yil 19 aprel kuni o`tkazilgan 1 mlrd 577,5 mln so`mlik davlat xaridida O`zbekiston Respublikasi "Davlat xaridlari to`g`risida"gi Qonunning:
10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi);
14-moddasi (manfaatlar to`qnashuvi);
46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablari buzilganligi va boshqa qonunbuzilishi holatlariga yo`l qo`yilganligi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan aniqlandi.
Xususan, ushbu xaridda ishtirok etgan 2 nafar tadbirkorning hujjatlari xarid komissiyasining kotibi foydalangan kompyuterning IP-manzili orqali elektron platformaga yuklangan.
Mazkur holat bo`yicha davlat xaridi o`tkazilgan kunning o`zida Agentlik tomonidan xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to`g`risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi va qonuniy chora ko`rish uchun to`plangan hujjatlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi hamda holat bo`yicha xizmat tekshiruvi o`tkazish uchun Sog`liqni saqlash vazirligiga so`rovnoma kiritildi.
Agentlik taqdimnomasiga binoan Chortoq tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 27 aprel kuni xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilindi.