Rossiya 2023 yilda boshqa mamlakatlar talabalari uchun 30 ming kvota ajratadi. Bu haqda Rossiya ta`lim va fan vaziri Valeriy Falkov ma`lum qildi, deb yozadi zamon.uz.
Valeriy Falkovning so`zlariga ko`ra, 2020 yilda xorijliklar uchun atigi 15 ming kvota bo`lgan. Bu safar mamlakatga xorijlik talabalarning katta oqimi kelishi kutilmoqda.
“Biz juda umid qilamiz, hattoki xorijliklarni qabul qilish ko`rsatkichlari ham o`tgan yilgi darajada yoki undan yuqori bo`lishiga aminmiz”, — dedi Falkov.
Uning so`zlariga ko`ra, xorijlik talabalar Rossiyaga eng ko`p Qozog`iston, Tojikiston, O`zbekiston, Turkmaniston, Belarus, Misr va Xitoydan keladi.
Rossiya oliy o`quv yurtlarida 2023-2024 o`quv yilida 626 mingdan ortiq davlat tomonidan moliyalashtiriladigan o`rinlar bo`ladi. Ulardan qariyb 447 ming nafari kadrlar tayyorlashning ustuvor yo`nalishlariga to`g`ri keladi.
Bundan tashqari, vazirning ta`kidlashicha, Rossiyaning 1000 dan ortiq oliy o`quv yurtlari va ularning filiallari, jumladan, xususiy muassasalar universitetlarga onlayn qabul qilish xizmatiga ulangan.