O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Muloqotda diniy-ma`rifiy yo`nalishlarda, buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini o`rganish va xalqimizga etkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi.
Bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom mohiyatini to`g`ri tushuntirib berish, jaholatga qarshi ma`rifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois yurtimizda ijtimoiy-ma`naviy muhit barqarorligini ta`minlash, diniy ta`lim sifatini yanada oshirish, ushbu yo`nalishdagi ilg`or xalqaro tajribani o`rganib, yurtimizdagi diniy ta`lim muassasalari faoliyatiga tatbiq etish bo`yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 21 martdagi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda muborak Ramazon oyi fayzli va shukuhli o`tdi. Insonlarni yaxshilik va mehru saxovatga, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlashga undaydigan ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar o`tkazildi.
Davlati rahbarining tashabbusi bilan barcha imom-xatiblar ishtirokida mahallalardagi 1 milliondan ziyod kam ta`minlangan aholining uyida iftorliklar uyushtirildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hisobidan yordamga muhtoj fuqarolarga 2 milliard 446 million so`mlik xayru ehsonlar qilindi.
Bu yilgi Ramazon oyidagi yana bir muhim yangilik 1 ming 400 nafar kam ta`minlangan fuqarolarning davlat tomonidan umra ziyoratiga yuborilishi bo`ldi. Ular muqaddas manzillarda turib, xalqimizga tinchlik, fayzu baraka tilab xayrli duolar qildilar.
Prezident jamiyatda diniy bag`rikenglikni yanada mustahkamlash, fuqarolarning vijdon erkinligini kafolatlash bo`yicha o`z fikrlarini bildirdi.






