AsosiyJamiyat

Vodiylik taniqli xonanda mualliflik huquqini buzganligi uchun tovon to`laydigan bo`ldi

'Vodiylik taniqli xonanda mualliflik huquqini buzganligi uchun tovon to`laydigan bo`ldi'ning rasmi

Shoir Behzod Fazliddinning “Ayyor do`stlarim” she`ridan ruxsatsiz foydalangan holda qo`shiq kuylagan Jaloliddin Ahmadaliev mualliflik huquqini buzgani uchun o`tgan yili shoirga 24 mln so`m tovon to`lagan edi. Endilikda xuddi shu she`rni kuyga solgan yana bir xonanda A.Shermatov 30 mln so`m tovon to`laydigan bo`ldi.

O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, shoir Behzod Fazliddinning mualliflik huquqi buzilishiga doir da`vosi qanoatlantirildi. Bu haqda Farg`ona viloyati adliya boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma`lum qilinishicha, shoir boshqarmaga ariza bilan murojaat qilib, xonanda A. Shermatov undan ruxsat olmagan holda “Ayyor do`stlarim” she`ridan foydalanib qo`shiq kuylaganini bildirgan va unga nisbatan qonuniy chora ko`rib, mualliflik huquqini himoya qilishni so`ragan.

Adliya organining da`vosi bilan, ish jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona shahar sudida ko`rilgan. Sud qaroriga asosan, xonanda A.Shermatov mualliflik huquqbuzarligini sodir etgani tasdiqlangan va u jarimaga tortilgan.

Shuningdek, fuqarolik ishlari bo`yicha Farg`ona tumanlararo sudining hal qiluv qarori asosida, shoir Behzod Fazliddin foydasiga xonandadan 100 BHM, ya`ni 30 mln so`m tovon puli undiriladigan bo`ldi.

Eslatib o`tamiz, Behzod Fazliddinning “Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim” to`plamidagi aynan shu – “Balosiz, go`yoki g`amimni eysiz” deb boshlanuvchi “Ayyor do`stlarim” she`ri 2022 yil yozida ham mualliflik huquqi bo`yicha nizo markazida bo`lgan edi.

O`shanda xonanda Jaloliddin Ahmadaliev bu she`rni muallifdan ruxsatsiz qo`shiq qilgani uchun BHMning 80 barobari, ya`ni 24 mln so`m tovon puli va 2 mln so`m ma`naviy zarar to`lashga majbur bo`lgandi.

“Hurmatli ijod vakillari! Mualliflik huquqi nafaqat nomulkiy, balki mulkiy huquq ekanligini unutmaylik. Mualliflik huquqingiz buzilsa, uni himoya qilish uchun Adliya vazirligi yoki hududiy adliya boshqarmalariga murojaat qiling!” – deyiladi murojaatda.

    Boshqa yangiliklar