Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi “Oliy ta`lim muassasalari talabalarini turar-joy bilan ta`minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini muhokamaga qo`ydi.
O`zbekiston prezidentining farmoni bilan tasdiqlangan 2022—2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e`tibor va sifatli ta`lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida talabalarni yotoqxonaga onlayn joylashish imkoniyatlarini beruvchi, Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko`rsatiladigan bepul elektron xizmatni joriy etish belgilangan. Bunda:
- yotoqxonalar hisobini yuritish reestrini ishlab chiqish;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni ustuvor ravishda joylashtirish;
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ariza berish va to`lovlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratishni nazarda tutish belgilangan.
Hujjat loyihasiga muvofiq, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat oliy ta`lim muassasalari talabalariga ijara to`lovining bir qismini davlat byudjeti hisobidan qoplab berishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.
Bunda:
- talabgorlarga oylik ijara to`lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat`i nazar Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (300 ming so`m), qolgan hududlarda – bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to`lanadi;
- ijara shartnomasida ikki va undan ortiq talabalarni rasmiylashtirishda xonadonning maydoni har bir talaba uchun 12 metr kvadratdan kam bo`lmasligi lozim;
- talabalar safiga qabul qilingan va talabalar turar joyi bilan qamrab olinmagan oliy ta`lim muassasasidan uzoq joylashgan hududlardan kelgan birinchi bosqich talabalari (doimiy yashash joyi boshqa tumanda (shaharda) bo`lgan ijara asosida yashaydigan talabalar)ga, oliy ta`lim muassasalariga ushbu maqsadlarda ajratilgan mablag`lar doirasida sentyabr va oktyabr oylari uchun ijara shartnomasi talab etmasdan oylik ijara to`lovining bir qismi qoplab beriladi hamda belgilangan tartibda ijara shartnomasi taqdim etgan talabalarga noyabr oyidan to`lovlar davom ettiriladi;
- davlat oliy ta`lim muassasalari tomonidan ijara huquqi asosida yashayotgan, biroq ijara to`lovlari ushbu qarorda belgilangan tartibda davlat byudjeti hisobidan qoplanadigan talabalarning 60 foizidan ortgan qismi uchun oylik ijara to`lovi bir qismini ushbu oliy ta`lim muassasasi tomonidan tasdiqlangan mezonlar va tartib asosida moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib byudjetdan tashqari mablag`lari hisobidan qoplab berilishi mumkin.
Talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida soliq to`lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikasiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali elektron shaklda real vaqt rejimida hisobga qo`yishga ruxsat etiladi.
Belgilanishicha, 2023/2024-o`quv yilidan boshlab davlat oliy ta`lim muassasalari talabalarini yotoqxonaga joylashtirish onlayn shaklda amalga oshiriladi.
Talabalarni yotoqxonaga onlayn joylashish imkoniyatlarini beruvchi Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko`rsatiladigan bepul elektron xizmatni joriy etishning ma`muriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin va 2023/2024-o`quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etiladi.
Bunda:
- Bilim va malakani baholash agentligi tomonidan 2023/2024-o`quv yilidan boshlab abiturientlar uchun Davlat oliy ta`lim muassasalariga o`qishga hujjat topshirish jarayonida talabalar turar joyiga bo`lgan ehtiyojni belgilash imkoniyati yaratiladi;
- 2023/2024-o`quv yilidan boshlab talabalar yotoqxonaga joylashish uchun faqat davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi;
- Davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali elektron ariza berish va to`lovlarni amalga oshirishda davlat xizmatini ko`rsatish komissiya mablag`lari undirilmaydi.






