Farg`ona viloyatining Qo`shtepa tumanida ijtimoiy tarmoq orqali farzandini kasalligini bahona qilib, o`zganing pullarni aldov yo`li bilan qo`lga kiritgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, 2022 yilning 29 oktyabr kuni fuqaro N.Q.ga noma`lum shaxs Telegram ijtimoiy tarmog`i orqali yozib, farzandini davolatish uchun undan ehson qilishini so`ragan. Shundan so`ng u N.Q.ning bank plastik kartasining maxfiy kodini qo`lga kiritib, karta hisobida bo`lgan 6 660 000 so`m pullarini firibgarlik yo`li bilan echib olgan.
Mazkur holat yuzasidan Qo`shtepa tumani IIB huzuridagi tergov bo`linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni A.J. sodir etganligi aniqlanib, prosessual tartibda ushlangan.
Qonunchilikka ko`ra, mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.






