AsosiyJamiyat

Ovoz berish jarayonlari Amerikada 1 may kuni soat 05.00 da yakunlanadi

'Ovoz berish jarayonlari Amerikada 1 may kuni soat 05.00 da yakunlanadi'ning rasmi

Tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Bahromjon A`loev O`zbekiston Respublikasi Referendumi bo`yicha xorijda muddatidan oldin ovoz berish natijalari haqida ma`lumot berdi.

O`zbekistonning xorijdagi Elchixona va Bosh konsulxonalari tomonidan joriy yilning 19-26 aprel kunlari O`zbekiston Respublikasi referendumining muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari amalga oshirildi.

O`zbekiston fuqarolari zich joylashgan 40 ta xorijiy davlatlarda, jumladan diplomatik vakolatxonalarimiz mavjud bo`lmagan shaharlarda qo`shimcha ravishda jami 1 003 ta muddatdan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etildi.

Ushbu muddatdan oldin ovoz berish jarayonida 159 276 nafar fuqarolarimiz o`z konstitusiyaviy huquqlaridan foydalanishdi.

Xorijdagi referendum jarayonlarini OAVda yoritilishini ta`minlash maqsadida Rossiya (Moskva, Sankt-Peterburg, Vladivostok shaharlari), Koreya Respublikasi, Qozog`iston, Qirg`iziston hamda Turkiya davlatlariga O`zbekiston MTRK xodimlari jo`natildi.

Hozirgi vaqtda, yurtimizning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari mavjud bo`lgan 39 ta davlatda 55 ta referendum uchastkalari tashkil etilgan.

Xorijdagi referendum jarayonlarining dastlabkisi 30 aprel kuni yurtimizning Yaponiya va Koreyadagi diplomatik vakolatxonalarida Toshkent vaqti bilan soat 04.00 da boshlanib, so`nggisi Amerika Qo`shma Shtatlaridagi vakolatxonalarda 1-may kuni soat 05.00 da yakunlanishini ma`lum qilindi.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizning Sharq va Osiyo mamlakatlaridagi diplomatik vakolatxonalarida, xususan, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Hindiston, shuningdek, Rossiya Federasiyasining Vladivostok, Novosibirsk, Ekaterinburg shaharlarida hamda qo`shni mamlakatlarda ovoz berish jarayoni boshlandi.

    Boshqa yangiliklar