Ozodlikdan mahrum etish joylarida tashkil qilingan referendum uchastkalarida 9679 nafar shaxs ovoz berish huquqidan foydalanmoqda. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Ichki ishlar vazirligi vakillari ishtirokida brifingda aytib o`tildi.
Bugun, 30 aprel kuni O`zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitusiyasini qabul qilish bo`yicha referendumda qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan, shuningdek, uncha og`ir bo`lmagan yoki ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazo muddatini o`tayotgan mahkumlar ham ishtirok etmoqda.
Xususan, bugun qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida referendumda ovoz berish huquqiga ega bo`lgan 9679 nafar shaxs ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyatiga ega. Referendum qonunchiligiga ko`ra, referendumga 60 kun qolganda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylaridagi mahkumlarning ovoz berishi uchun jami 18 ta referendum uchastkalari tashkil etilgan.






