Bugun, 1 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda 2023-2024 o`quv yilidan boshlab maktab ta`limi davomiyligi 12 yilga uzaytirilishi haqida xabarlar tarqaldi. Darakchi.uz shu masalaga aniqlik kiritish maqsadida Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi Axborot xizmatining Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi boshlig`i Laylo Rustamova bilan bog`landi.
Tarqalgan xabarlarga ko`ra, boshlang`ich va tayanch o`rta ta`lim maktablarida fanlarni “a`lo” bahoga o`zlashtirgan o`quvchilar alohida ixtisoslashtirilgan kasbga o`rgatish maqsadida 12-sinfga o`tkazilib, ushbu sinfni tugatganlar to`g`ridan-to`g`ri o`zlarining tanlagan kasb sohasi bo`yicha oliy ta`lim muassasalarining 2-bosqichiga qabul qilinishi mumkinligi aytilmoqda.
Laylo Rustamova tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
“Bu kabi xabarlar yolg`on, ular hech qanday asosga ega emas”, deb javob berdi.
Aytish joizki, yolg`on axborot tarqatish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortishga sabab bo`ladi.