"Toshshshahartransxizmat" AJ boshqaruv raisi, o`rinbosarlari va avtobus saroyi rahbarlari ishtirokida, so`nggi kunlarda jamoat transporti tizimida yo`l qo`yilayotgan kamchiliklar, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo`layotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tanqidiy muhokama yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda "Toshshahartransxizmat" AJ Axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, yig`ilishda o`ziga biriktirilgan avtobusni ehtiyotsizlik bilan boshqargan avtobus haydovchisi T.N. shuningdek, o`z xizmat vazifasiga mas`uliyatsizlik bilan yondashgani, avtobuslar harakatini xavfsiz tashkil etish choralarini ko`rish bo`yicha haydovchilar o`rtasida etarli darajada yo`riqnoma o`tkazib tushintirish ishlarini olib bormaganligi, avtobuslardagi reklama bannerlarini joylashtirilishi va bartaraf etilishiga sovuqqonlik bilan yondashganligi, hamda yo`nalishlarga chiqariladigan avtobus va elektrobuslarning ish tartibini to`g`ri tashkil etmaganligi sababli Avtobus saroyi mas`ul xodimlariga qat`iy chora ko`rilib, xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, xayfsan intizomiy chorasi ko`rildi. Jumladan:
-"2-Avtobus saroyi" filiali direktori o`rinbosari va harakat xavfsizligini nazorat qilish bo`limi boshlig`i bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, filial direktoriga xayfsan intizomiy chorasi ko`rildi.
-"1-Avtobus saroyi" filiali direktori o`rinbosari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, filial direktoriga xayfsan intizomiy chorasi ko`rildi.
-"7-Avtobus saroyi" filiali direktori o`rinbosariga xayfsan intizomiy chorasi ko`rildi. Reklama joylashtirish bo`yicha mas`ul xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
-"1-, 2-, 5-, 7-, 8-, 12-, va 18-Avtobus saroyi" filiallari bosh muhandislariga xayfsan intizomiy chorasi ko`rildi.
"Shuningdek, barcha avtobus saroyi rahbarlariga yo`lovchilarni xavfsiz tashish va ularni o`z manzilariga sog`-omon etkazib qo`yish eng oliy maqsadimiz ekanligi, yo`lovchilar bilan xushmuomalada bo`lishlik, xizmat ko`rsatish madaniyatini oshirish yuzasidan barcha haydovchilar o`rtasida yana bir bor tushuntirish ishlari olib borilib, haydovchilar ustidan nazorat kuchaytirilishi yuzasidan qat`iy topshiriqlar berib o`tildi.
Aziz yo`lovchilar! Yuqoridagi kabi holatlar kuzatilgan taqdirda «Toshshahartransxizmat» Aksiyadorlik jamiyatining 1062 ishonch raqamiga va info@tashbus.uz orqali murojaat qilishingizni hamda avtobus haydovchisi yoki chiptachisi amalga oshirayotgan qoidabuzarlikni suratga olib avtobus raqamini bizga yuborishingizni iltimos qilamiz", - deyiladi xabarda.






