Shu kunlarda dunyo bo`ylab “omikron” shtammining yangi — XBB.1.16 versiyasi keng tarqalmoqda.
Xususan, “Arktur” deb nomlanayotgan ushbu mutasiya o`ta yuqumli bo`lib, hozir AQShda qayd etilayotgan jami koronavirus versiyalarining 9,6 foizini tashkil qilyapti.
Amerika oftalmologiya akademiyasi ma`lumotlariga ko`ra, ko`zlarning qizarishi (kon`yunktivit) bu subvariantga xos asosiy alomatlardan biri. Ayniqsa, bolalarda mazkur simptom yaqqol namoyon bo`lyapti.
Mutaxassislarning ta`kidlashicha, agar o`g`il-qizlarda ko`zlar qichishishi va qizarishi kuzatilsa, ular SOVID-19 uchun PZR-test topshirishlari kerak. Ammo bu allergiya belgilari bilan o`xshash ekanligini ham yoddan chiqarmaslik kerak.
Isitma koronavirusga taalluqli alomatdir. “Arktur”da bu simptom yanada kuchliroq kechadi.
Demak, bemorning ko`zlari qizarishi, yuqori tana harorati — koronavirusni allergiyadan ajratib turuvchi bir jihat. Chunki mavsumiy allergik reaksiyalarda odatda isitma kuzatilmaydi. Aniq tashxis qo`yish uchun esa tegishli tibbiy tekshiruvlar talab etiladi.
02.05.2023 10:37
“Omikron”ning yangi subvariantini allergiyadan qanday farqlash mumkin?
