Toshkent shahar Yunusobod tumanida eri tashlab ketgan 20 yoshli ayol o`zi va farzandini kanalga tashlagan vaqtda ichki ishlar xodimlari tomonidan qutqarib qolindi. Bu haqda IIBB axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko`ra, holat 25 aprel kuni Yunusobod tumanida sodir bo`lgan. Shu hududda xizmat olib borayotgan ikki nafar ichki ishlar xodimi bir ayol qo`lida bolasi bilan “Bo`zsuv” kanaliga o`zini tashlaganini ko`rib qolgan.
Xodimlardan biri suvga sakrab, avval bolani ikkinchi xodimga olib chiqib bergan, keyin esa ayolni suvdan olib chiqqan. Shundan so`ng ularni yaqin hududdagi shifoxonaga olib borishgan.
Ma`lum bo`lishicha, 2003 yil Buxoro viloyatida tug`ilgan ayol turmush o`rtog`i tashlab ketgani sabab ruhiy va og`ir ijtimoiy muammolarga duch kelib, o`zini suvga tashlagan. Shifokorlar ayol ruhiy shok holatida bo`lganini aytgan. Hozirda ayol va bolaning hayotiga hech narsa xavf solmayotgani ta`kidlandi. 1,5 yoshli bola esa mehribonlik uyidagi chaqaloqlar bo`limiga topshirilgan.






