AsosiyJamiyat

Farg`onadan Qirg`izistonga noqonuniy tunnel qaziganlarga hukm o`qildi (video)

'Farg`onadan Qirg`izistonga noqonuniy tunnel qaziganlarga hukm o`qildi (video)'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida “o`zbek-qirg`iz” davlat chegarasidan o`tuvchi yashirin er osti yo`li fosh etildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, dastlab, mahalliy fuqaro boshqaruvidagi avtomashina to`xtatilib, ko`zdan kechirilganda, unda tegishli hujjatlari bo`lmagan, umumiy bahosi 7 mlrd 603 mln 650 ming so`mni tashkil qiluvchi, 38 turdagi 2707 dona mobil telefon apparatlari borligi aniqlandi.

So`ngra u vaqtincha yashab kelayotgan Rishton tumanidagi xonadonda Qirg`iz Respublikasi hududiga olib o`tuvchi 10 metr pastlikda, balandligi 2 metr, kengligi 1,2 metr, uzunligi 128 metr bo`lgan, tushib-chiqish uchun lift bilan jihozlangan er osti yo`li borligi aniqlandi.

Ma`lum bo`lishicha, Dang`ara tumanida yashovchi, 1991 y.t. ushbu shaxs “o`zbek-qirg`iz” davlat chegaraoldi hududida joylashgan hovli uylardan sotib olib, ularning ko`cha tomon qismlarini baland devorlar bilan to`sgan va jinoiy harakatlarini maskirovka qilish maqsadida har ikkala uyda, ya`ni Qirg`iz Respublikasi hududidan sotib olgan xonadonda penablok ishlab chiqarishni yo`lga qo`ygan, O`zbekiston Respublikasi hududidan sotib olgan uyda esa chorvachilik tashkil etgan.

So`ngra Dang`ara tumanida istiqomat qiluvchi, 1984-1993 yillar oralig`ida tug`ilgan 5 nafar fuqaroni er osti yo`li qazishga yollagan.

Er osti yo`li qurib bitkazilganidan keyin, u orqali Qirg`iz Respublikasidan noqonuniy tadbirkorlarning tovar-moddiy boyliklarini, xususan, mobil telefon apparatlar, matolar, tibbiyot buyumlari va dori vositalarini mamlakatimizga, O`zbekistondan esa ko`p miqdordagi xorijiy valyuta qimmatliklarini qo`shni davlatga o`tkazish bilan shug`ullangan.

Aniqlangan ushbu holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Farg`ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atining hukmi bilan mazkur shaxslar Jinoyat Kodeksining 182 va 223-moddalari bilan aybdor deb topilib, ularning 3 nafariga 6 yildan 7 yilgacha bo`lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum etish jazosi, qolgan 3 nafariga esa axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Shuningdek, jinoyat ishi doirasida ashyoviy dalil sifatida olingan 7 mlrd 603 mln 650 ming so`mga baholangan 2707 dona mobil telefon apparatlari davlat egaligiga o`tkazilishi belgilandi.

Bundan tashqari, Rishton tumani Qozi Ahror MFY, A.Temur 3-tor ko`chasida joylashgan umumiy er maydoni 1524 m2 bo`lgan uy davlat egaligiga o`tkazilishi va ushbu uydagi er osti yo`li tegishli tartibda ko`mib tashlanishi belgilandi.

 

    Boshqa yangiliklar