AsosiyJamiyat

O`zbekistonda “elektron resept” tizimi joriy etiladi

'O`zbekistonda “elektron resept” tizimi joriy etiladi'ning rasmi

“Sog`liqni saqlash tizimini raqamlashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–140-son, 01.05.2023 y.) qabul qilindi

O`zbekiston va “KfW” banki o`rtasida “Raqamli sog`liqni saqlash islohotlarini qo`llab-quvvatlash” loyihasi uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan 12 yil muddatga 45 million evro miqdorida qarz bitimi hamda 5,5 million evro miqdorida grant bitimi imzolangan.

Qarorga ko`ra, Sog`liqni saqlash vazirligi loyihani o`z vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish bo`yicha mas`ul ijro etuvchi organ hisoblanadi.  

Qarz mablag`larini qaytarish respublika byudjeti mablag`lari hisobidan qoplanadi.

Qarorga muvofiq, loyihani o`z vaqtida va samarali amalga oshirish uchun Raqamli sog`liqni saqlash tizimini boshqarish loyiha ofisi tashkil etiladi.

Shuningdek, qarorga ko`ra:  

- loyiha doirasida joriy etilayotgan axborot tizimlaridan foydalanish bo`yicha lisenziyalar uchun to`lovlar ularni joriy etish xarajatlari tarkibiga kiritiladi hamda ular axborot tizimi amaliyotga to`liq joriy etilgandan so`ng kamida 5 yil mobaynida amal qiladi;

- loyihani amalga oshirish jarayonida iqtisod qilingan mablag`lar ustuvor ravishda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini raqamlashtirish hamda kompyuter texnikasi vositalarini xarid qilishga yo`naltiriladi.

Qaror bilan 2023–2025 yillarda sog`liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo`yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Chora-tadbirlar rejasida, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:

- “Elektron resept” (reimbursasiya) tizimini joriy etish;

- Sanatoriylarga yo`llanma olish, navbatni kuzatish va mavjud bo`sh o`rinlarni ko`rish imkoniyatini beradigan “Elektron sanatoriy” platformasini ishlab chiqish;

-Onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning elektron ro`yxatini yuritishga mo`ljallangan “Cancer-registr” axborot tizimini joriy etish;

-Ona va bola salomatligi pasportining elektron tizimini yaratish;

-Yagona portal orqali vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari ma`lumotnomalarini olish imkoniyatini yaratish.

    Boshqa yangiliklar