AsosiyJamiyat

Milliy gvardiya huquqbuzarlik bo`yicha bayonnoma tuzishi va ularni sudga yuborishi mumkin

'Milliy gvardiya huquqbuzarlik bo`yicha bayonnoma tuzishi va ularni sudga yuborishi mumkin'ning rasmi

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun ko`rib chiqildi.

Mazkur Qonun bilan Milliy gvardiya organlarining xodimlariga mayda bezorilik, quroldan belgilangan tartibni buzgan holda foydalanish, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo`lgan ashyolarni olib yurishga oid ma`muriy huquqbuzarliklar bo`yicha ishlarni ko`rib chiqish, bayonnomalar tuzish va ularni ko`rib chiqish uchun sudga yuborish yuzasidan qo`shimcha vakolatlar berilmoqda.

Qolaversa, bu kabi vakolatlar voyaga etmagan shaxsni ma`muriy huquqbuzarlik sodir etishga, g`ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste`mol qilish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ`ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, tilanchilik qilish hamda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o`yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish holatlarida ham amalga oshiriladi.

Bunda mazkur toifadagi ishlarni ko`rib chiqish vakolati ichki ishlar organlarida ham saqlanib, huquqbuzarlik Milliy gvardiya xodimlari tomonidan aniqlangan taqdirda ularga jarima jazosini qo`llash huquqi berilmoqda.

Ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni ko`rib chiqishda qonuniylikni ta`minlash va asossiz javobgarlikka tortish holatlarining oldini olish maqsadida Milliy gvardiya organlari nomidan Qonunda ko`rsatilgan boshqarma (bo`lim) boshliqlari va ularning o`rinbosarlari ayrim ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni qo`rib chiqishga va jarima jazosini qo`llashga haqli ekanligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga yuqorida keltirilgan o`zgartishlar kiritilishi munosabati bilan jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar bo`yicha Milliy gvardiya organlariga huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni ma`muriy yo`l bilan ushlab turish huquqi berilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar