Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Qashqadaryo, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida o`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida er maydonlarining noqonuniy sotilishi bilan bog`liq holatlarga chek qo`yildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jumladan Qarshi shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda Nishon tumanida yashovchi, 1953 y.t. fuqaro o`zining o`g`lining nomida bo`lgan xususiy korxonaning 30 sotix er maydonini xaridorga 100 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 30 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Samarqand viloyatida kuzatilgan holatda esa Samarqand tumanida yashovchi, 1958 y.t. fuqaro o`zining o`g`liga tegishli fermer xo`jaligiga 2010 yil mahalliy hokimlik tomonidan ajratib berilgan er maydonidan 15 gektarini xaridorga 15 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa bir holatda esa Guliston shahrida yashovchi, 1992 y.t., muqaddam sudlangan shaxs o`zga bir fuqaroning nomida bo`lgan va dehqon xo`jaligi uchun ajratilgan 10 sotix sug`oriladigan er maydonini, go`yoki o`ziga tegishli ekanligini aytib, uning 5 sotixini kadastr tizimidagi tanishlari yordamida xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 7400 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






