Ijtimoiy tarmoqlarda noma`lum ayol ustiga benzin sepib o`zini yoqib yuborganligi aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo`lmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB quyidagilarni ma`lum qildi.
Joriy yilning 2 may kuni taxminan soat 10-00 larda Olmazor tumani, Qora-Qamish 2/4 dahasidagi savdo do`konlaridan birining oldida, 1981 yilda tug`ilgan D.Q. bir nechta fuqarolar bilan savdo qilish uchun joy talashgan. So`ngra o`zaro kelisha olmay janjallashib, o`zini noodatiy tutgan holda norozichilik bildirib, yonida bo`lgan elim idishdagi benzinni ustiga quyib, o`zini-o`zi yoqib yuborgan.
Natijada, ayol “yuzi, ikkala qo`llari, tanasi oldi qismining 35 % termik kuyishi” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Shuningdek, o`tkazilgan birlamchi surishtiruv davomida, D.Q. bundan oldin ham fuqarolar bilan savdo qilish uchun joy talashib janjallashganligi hamda bir necha marotaba o`zini yoqish holatlarini sodir etishga harakat qilganligi, biroq xodimlar tomonidan buning oldi olinganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan tekshiruv o`tkazilmoqda.






