Hukumat qarori bilan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini jamoatchilik fikri asosida tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari orqali amalga oshirish tartibi to`g`risida nizom qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" xabar bermoqda
Nizomga ko`ra, jamoatchilik fikri asosida loyihalar to`plami mahallalar (qishloqlar) bo`yicha shakllantiriladi va g`olib sifatida mahallalar (qishloqlar) aniqlanadi.
Dasturlar doirasida jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish va ular uchun ovoz berish jarayoni – har yili noyabr–dekabr oylarida (2023 yil uchun, istisno tariqasida, 2023 yil may oyida) o`tkaziladi.
Jarayonlar 3 ta bosqichda tashkil etiladi:
1-bosqichda – portalda loyihalar to`plami shakllantiriladi;
2-bosqichda – shakllantirilgan loyihalar to`plami saralab olinadi;
3-bosqichda – saralash bosqichidan o`tgan loyihalar to`plamlariga ovoz beriladi.
G`olib mahallalar (qishloqlar) ovoz berish jarayoni boshlanishidan avval keng jamoatchilikka e`lon qilingan holda quyidagi usullardan biri orqali aniqlanadi:
- loyihalar to`plamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib;
- aholisi soni kam bo`lgan mahallalarga (qishloqlarga) tuzatish koeffisientini qo`llagan holda loyihalar to`plamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib.
Ovoz berish jarayoni yakunlariga ko`ra har bir tuman (shahar) uchun jamg`armada shakllantirilgan mablag`lar doirasida eng yuqori ko`rsatkichni egallagan loyihalar to`plami g`olib deb topiladi.
Bunda loyihalar to`plami g`olib deb topilishi uchun kamida 100 ta ovoz to`plashi lozim.
Ovoz berish yakunlangandan so`ng 3 kunda g`olib deb topilgan loyihalar to`plamini amalga oshirish bo`yicha manzilli ro`yxat shakllantiriladi hamda jamg`arma mablag`laridan foydalanish bo`yicha tuman (shahar) Maxsus komissiyasining tegishli qarori qabul qilinadi.
Tuman (shahar) hokimligi tomonidan 3 kunda loyihalar uchun manzilli ro`yxatda nazarda tutilgan mablag`lar o`tkazib beriladi.
Har yil yakunlari bo`yicha jamoatchilik fikri asosida loyihalarni shakllantirish bilan bog`liq jarayonlarda faol ishtirok etgan fuqarolar rag`batlantirib boriladi.
04.05.2023 17:32
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari jamoatchilik fikri asosida tashabbusli byudjetlashtiriladi






