Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim gaz zapravkalariga yana cheklovlar o`rnatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Energetika vazirligi mazkur xabarlarni rad etdi.
Qayd etilishicha, hozirda quvurlarda gaz bosimi bir maromda bo`lib, respublika, xususan, vodiy viloyatlarida gaz shoxobchalarining faoliyatini cheklashga hech qanday asos mavjud emas. Avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor shoxobchalarining talabiga nisbatan 10-15 foizga ko`p tabiiy gaz etkazib berilmoqda.
Shuningdek, ayrim gaz shoxobchalari faoliyatida noqonuniy holatlar, davlat va iste`molchilar manfaatlariga zarar etkazilayotgani aniqlangani, hozirda tekshirish ishlari olib borilayotgani sababli ular faoliyati vaqtincha to`xtatilgan.
Avvalroq Andijon viloyati hokimligi hududda shoxobchalarning faoliyatini cheklash bo`yicha hech qanday jarayon olib borilmayotganini ma`lum qilgandi.






