AsosiyJamiyat

Qamashida elkasiga bayroq osib olgan yigit IIB xodimlari tomonidan ushlab ketildi (video)

'Qamashida elkasiga bayroq osib olgan yigit IIB xodimlari tomonidan ushlab ketildi (video)'ning rasmi

Kecha, 5 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda elkasiga bayroqli lenta taqib olgan yigitni IIB xodimlari olib ketayotgani aks etgan video tarqaldi.

Tarqalgan xabarlarga ko`ra, mazkur voqea Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida sodir bo`lgan. Videoni esa qashqadaryolik bloger Odil Elmurod tasvirga olgan.

Videodan ko`rinishicha, yigit o`quv qurollari sotiladigan bozor rastasidan “Bitiruvchi” deb yozilgan bayroqli tasma sotib olgan va uni elkasiga taqqan. Biroq bozor hududida xizmat faoliyatini olib borayotgan IIB xodimlari bu qonunga xilof ekanini aytgan va ular o`rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.
Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati mazkur voqea bo`yicha ma`lumot berdi. 

“2023 yilning 5 mayida Qamashi tumanidagi “Chim” dehqon bozorida O`zbekiston Respublikasi bayrog`ini taqib yurgan fuqaro IIB xodimlari tomonidan to`xtatilib, O`zbekiston Respublikasining “Davlat ramzlari to`g`risida”gi qonun talablariga ko`ra bayroqni bunday olib yurish mumkin emasligi, uni echib qo`yib davlat ramzlariga hurmatsizlik qilmaslik tushuntirilganida fuqaro IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo`ysunmasdan, qarshilik ko`rsatgan”, deyiladi IIB izohida.

Natijada belgilangan tartibda Qamashi tumanida yashovchi fuqaro R.I. bilan profilaktik suhbat o`tkazilgan. 

“Holat yuzasidan fuqaroga O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning tegishli moddalariga ko`ra hujjatlar rasmiylashtirilib, to`plangan hujjatlar qonuniy to`xtamga kelish uchun jinoyat ishlari bo`yicha Qamashi tuman sudiga yuborilgan”, deya qo`shimcha qilinadi ma`lumotda.

    Boshqa yangiliklar