AsosiyJamiyat

"Bayroq taqqan yigitni jazolash emas, ota-onasiga rahmat aytish kerak" — deputat

'"Bayroq taqqan yigitni jazolash emas, ota-onasiga rahmat aytish kerak" — deputat'ning rasmi

Kecha, 5 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda elkasiga bayroqli lenta taqib olgan yigitni IIB xodimlari olib ketayotgani aks etgan video tarqaldi.

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida yashovchi o`smir yigit «Bitiruvchi» deb yozilgan bayroqli tasma taqib yurgani uchun IIBga olib ketilgan va jarimaga tortilgan.

Holat bo`yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo`mitasi raisining o`rinbosari Qodir Jo`raev munosabat bildirdi.

«Shu o`rinda o`smir yigitning ushbu hatti-harakatini huquqbuzarlik deb malakalash qanchalik to`g`ri, degan haqli e`tirozlar  bildirilmoqda. Azbaroyi qonun va adolat nuqtai nazaridan yondashadigan bo`lsak, bu erda hech qanday huquqbuzarlik sodir etilmagan», deydi deputat va buni quyidagicha izohlaydi:

Birinchidan, «O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`i to`g`risida»gi Qonunning 52-moddasida davlat bayrog`ining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizasiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o`tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emasligi belgilangan. Biroq yigit bayroqli tasmadan tijorat maqsadlarida foydalangani yo`q. 

Ikkinchidan, davlat bayrog`iga hurmatsizlik qilishda shaxsni aybdor deb topish uchun aybdorning davlat bayrog`iga hurmatsizlik qilishda ifodalanadigan faol harakatlari bo`lishi kerak. Odatda hurmatsizlik qilish qonunga xilof, ijtimoiy xavfli harakatda ifodalangan bo`ladi. Masalan, bayroqni yirtish, yo`q qilish, shikast etkazish, yoqib yuborish,  shuningdek, uni bulg`ovchi belgi, rasmlar yoki yozuvlar kiritish va hokazolar bilan sodir etiladi. Biroq yigit tomonidan yuqoridagi  xatti-harakatlarning birortasi sodir etilmagan.

Binobarin, yigitni na Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 203-1-moddasi (Davlat bayrog`i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasi to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik), na Jinoyat kodeksining 215-moddasi (Davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish) bo`yicha javobgarlikka tortish mumkin emas.

Aksincha, milliy bayrog`imizni faxr-iftixor ila ko`kragiga taqib yurgani uchun yigitga, unga shunday tarbiya bergani uchun ota-onasiga rahmat aytishimiz kerak.

Biroq hammasidan ko`ra IIB tomonidan ushbu hodisa yuzasidan berilgan g`alati bayonot kishini ajablantiradi. Unda ichki ishlar xodimlarining xatti-harakatlarini oqlashga harakat qilingan. Go`yoki yigit IIB xodimlarining  bayroqni bunday olib yurish mumkin emasligi to`g`risidagi qonuniy talablariga bo`ysunmasdan, ularga qarshilik ko`rsatgan emish. 

Albatta, ichki ishlar organlari xodimlarining bunday xatti-harakatlari va ularni puxta tekshirmay, shoshma-shosharlik bilan berilgan bunday bayonotlar butun tizimning ishchanlik obro`siga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin. Shu bois, ichki ishlar xodimlari bilan bog`liq har qanday holat yuzasidan chuqur xizmat tekshiruvi o`tkazilib, uning natijalari xolisona ravishda jamoatchilikka taqdim etib borilishi juda muhimdir, deb yozadi Qodir Jo`raev.

    Boshqa yangiliklar