AsosiyJamiyat

Prezident Xalqaro baxshichilik festivali ishtirokchilariga tabrik yo`lladi

'Prezident Xalqaro baxshichilik festivali ishtirokchilariga tabrik yo`lladi'ning rasmi

Hurmatli festival qatnashchilari!

Qadrli mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, siz, azizlarni go`zal va navqiron Guliston shahrida o`tkazilayotgan uchinchi Xalqaro baxshichilik san`ati festivalining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Bugungi anjumanda ishtirok etayotgan nufuzli xalqaro tashkilotlar – YuNESKO, AYSESKO, TURKSOY, Turkiy madaniyat va meros fondi vakillarini, o`ttizdan ortiq chet mamlakatlardankelgan xalq ijodiyoti namoyandalarini, atoqli san`at va madaniyat arboblari, ommaviy axborot vositalari xodimlarini samimiy qutlab, barchangizga yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Muhtaram anjuman ishtirokchilari!

Jahon madaniy merosining bebaho durdonalari orasida har qaysi millatning folklor san`ati beqiyos o`rin tutishi sizlarga albatta yaxshi ma`lum. Xalq og`zaki ijodiyotining sarchashmasi bo`lgan baxshichilik san`ati esa insonni inson sifatida namoyon etadigan eng ezgu tuyg`u va qadriyatlarni tarannum etishi bilan alohida ahamiyatga egadir. 

Hayotning jonbaxsh sadosi kabi yangraydigan bu kuy-qo`shiqlar bugungi dolg`ali zamonda bizga odamzot naslining o`zagi bir ekani, bani bashar yagona tomirdan tarqaganini anglatib, er yuzidagi barcha millat va elatlarni bir-birini tushunib, hamjihat va hamkor bo`lib yashashga da`vat etishi bilan ayniqsa qadrlidir. 

Shu bois ham, biz xalq qalbining otashin kuychilari bo`lgan baxshi, oqin va jirovlarni asrlar davomida ana shunday ulug` vazifani sharaf bilan ado etib kelayotgan olijanob insonlar sifatida hamisha ardoqlaymiz. Xususan, milliy doston va termalarda el-yurtimizga xos go`zal fazilatlar, uning azaliy orzu-umidlari, dardu armonlari bamisoli ko`zgudek yorqin va tiniq aks etgani, ular tarixning murakkab va sinovli davrlarida bizga cheksiz ruhiy qudrat, yorug` kunlarga ishonch bag`ishlab kelishi ham ayni haqiqatdir. 

Men bu o`rinda bizning folklor san`atimiz haqida to`xtalib o`tdim, xolos. Aslida esa bunday xususiyat va alomatlar dunyodagi har bir xalqqa mansub ekanini jahonning turli qit`a va mintaqalaridan tashrif buyurgan siz, hurmatli mehmonlarimiz ham tasdiqlaysiz, albatta.

Bugungi kunda globallashuv jarayonlari tobora kengayib, asl san`at o`rnini, afsuski, shou-biznes, olomon madaniyati egallab olayotgan bir sharoitda beqiyos ma`naviy boyligimiz bo`lmish mumtoz san`atni, xalq ijodiyotining nodir namunalarini asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga bezavol etkazish barchamizning muqaddas burchimizdir.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, keyingi yillarda O`zbekistonda madaniyat va san`at sohalarini, jumladan, baxshichilikni yanada rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini ta`kidlash joiz. 

Mamlakatimizda Respublika baxshichilik san`ati markazi hamda Baxshichilik san`atini rivojlantirish jamg`armasi, hududlarda mazkur yo`nalishdagi ansambllar samarali faoliyat olib bormoqda. 

Iste`dodli folklor ustalaridan yozib olingan doston va termalarning “oltin fondi” shakllantirilmoqda. Xalq ijodiyoti yodgorliklari kitob va to`plamlar holida muntazam nashr qilinmoqda, ilmiy ekspedisiyalar va anjumanlar tashkil etilmoqda. Taniqli baxshi, jirov va oqinlarning xotirasi abadiylashtirilib, ular haqida ilmiy-ommabop asarlar, hujjatli filmlar yaratilmoqda, ta`lim maskanlarida baxshichilik sinflari va to`garaklari faoliyat yuritmoqda.

Bugun yurtimizda uchinchi bor o`tkazilayotgan ushbu xalqaro festival bu boradagi amaliy ishlarimizning yana bir yorqin namoyoni ekanini qayd etish lozim.

Ana shunday tizimli yondashuv tufayli baxshichilik va maqom, akademik ijro san`ati yoshlarimiz o`rtasida tobora ommalashib bormoqda. Sohada “ustoz-shogird”lik an`analari mustahkam qaror topib, baxshichilik san`atiga oid noyob asarlarni mehr-muhabbat va yuksak mahorat bilan ijro etadigan yangi iste`dod egalari ko`plab etishib chiqayotgani hammamizni quvontiradi. 

Aziz do`stlar!

San`at muxlislari qalbidan tobora chuqur joy egallab borayotgan mazkur nufuzli anjuman bu yil Sirdaryo viloyatida bo`lib o`tayotgani albatta bejiz emas. 

Qadim-qadimdan do`mbira va chanqovuz sadolari yangrab kelgan, folklor bo`yicha boy meros va an`analarga ega bo`lgan bu saxovatli diyor bag`ridan Murod baxshi, Hamroqul baxshi, Gulmurod baxshi, Akram bulbul, Saidahmad va Saidmurod baxshi kabi ijodkorlar, Sirdaryoning faxru g`ururiga aylangan To`ra Sulaymon va Halima Xudoyberdieva singari atoqli shoirlar etishib chiqqanini el-yurtimiz yaxshi biladi. Ularning xalqona donishmandlik bilan yo`g`rilgan baxshiyona ohanglari hozir ham munosib izdoshlar sozi va so`zida jaranglab turibdi.

Qadrli festival ishtirokchilari!

Jonajon yurtimizda dilbar bahor nafasi kezib yurgan mana shunday so`lim va tarovatli kunlarda bo`lib o`tayotgan Xalqaro baxshichilik festivali, ko`ngli ochiq, mehmondo`st xalqimiz bilan qizg`in muloqotlar, yurtimizning betakror madaniyati va o`lmas qadriyatlari bilan oshno bo`lish sizlarga yangi ilhom va ijod zavqini baxsh etadi, deb ishonaman. 

Bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlarning vakillariga samimiy minnatdorlik bildiraman. 

Festival doirasida o`tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishiga ham muvaffaqiyatlar tilayman.

Qadimiy va betakror O`zbekiston zaminiga, ijod va nafosat bayramiga xush kelibsiz!

Shavkat Mirziyoev,

O`zbekiston  Respublikasi Prezidenti

    Boshqa yangiliklar