Aqliy mehnat bilan shug`ullanadigan va uzoq vaqt bir joyda o`tirib ishlaydigan aksariyat kishilarning umurtqa pog`onasi va bo`yin sohasida kuchli og`riqlar paydo bo`ladi.
Bu qaysi kasallik alomati? Uning oldini olish uchun nimalarga e`tibor berish lozim?
Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ushbu savollarga oliy toifali shifokor Ra`no Nosirova javob oldi.
— Yillar o`tgani sari inson umurtqa pog`onasining harakatchanligi hamda qayishqoqligi kamayib boradi, — deydi mutaxassis. — Odam kam harakat qilganda statik yuk ortib, umurtqa pog`onasini tutib turuvchi mushaklar tonusi susayadi. Oqibatda ular orasidagi disklarning oziqlanishi buziladi. Bu esa osteoxondroz paydo bo`lganidan darak.
Kasallik, asosan, bo`yin, ko`krak, bel va dumg`aza suyaklarida kuzatiladi. Uning ikki xil ko`rinishi bo`lib, birlamchi osteoxondroz ko`proq yoshi katta insonlarda uchraydi. Xastalik payti disklarda degenerativ o`zgarishlar sodir bo`lib, bunda disk suyuqligi va ozuqasi kamayadi.
Ikkilamchi osteoxondrozga turli yuqumli kasalliklar, umurtqa pog`onasidagi shikastlanishlar va haddan tashqari jismoniy zo`riqish holatlari sabab bo`lishi mumkin. Shuningdek, jismoniy mashqlar va sport bilan shug`ullanmaydigan insonlar ham osteoxondrozga moyil.
Kasallik asosan og`riqlar bilan namyoon bo`ladi. Bo`yin umurtqasi osteoxondrozida barmoqlarda uyushish, ko`rish qobiliyatining pasayishi, bosh aylanishi, bo`yin, bosh va qo`llarda og`riq hamda quloqlarda shovqin kuzatiladi.
Ko`krak qafasi osteoxondrozida bemor qiyin nafas olish, bel og`rig`i, ko`krak qafasida yonish yoki siqilish hissidan aziyat chekadi. Belda uchraydigan bunday xastalikda esa oyoqlar va pastki bel og`rib, barmoqlar uyushadi.
Kasallikka to`g`ri tashxis qo`yish uchun albatta shifokor ko`rigidan o`tish lozim. Osteoxondrozning oldini olish va undan xalos bo`lish uchun badantarbiya mashg`ulotlarini kanda qilmaslik, suvda suzish, kamharakatlilik va bir joyda uzoq harakatsiz o`tirishdan saqlanish kerak.






