Davlatimiz rahbari xalq bilan muloqot qilib, uning fikrini olib, Asosiy qonunimizni takomillashtirishga o`z hissasini qo`shgan Konstitusiyaviy komissiya a`zolariga, barcha deputat va senatorlar, siyosiy partiyalar vakillariga, qonun loyihasini xalqaro standartlar asosida ishlab chiqishda faol ishtirok etgan olimlar, mahalliy va xorijiy ekspertlarga, referendum jarayonlarini haqqoniy yoritib, o`zining xolis fikrlarini bildirgan barcha ommaviy axborot vositalari xodimlariga, xalqaro kuzatuvchilarga alohida tashakkurlar aytdi.
Prezidentimiz ko`pni ko`rgan, hayot ma`nosini, tinchlik va inson qadrini chuqur anglaydigan el-yurtimiz demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g`oyalariga sadoqatini yana bir bor amalda tasdiqlaganini ta`kidladi.
"Qadim tariximizdan kelib chiqqan holda, ota-bobolarimizga xos ezgu qadriyatlarni ro`yobga chiqarish, ya`ni inson qadrini ulug`lash, uning huquq va manfaatlarini ta`minlash, odamlarimiz bilan bamaslahat ish ko`rish – biz uchun chinakam demokratiya namunasidir.
Xalqimizda “Birdamlik bor joyda ildamlik bor”, degan dono naql bejiz aytilmagan.
Chindan ham, o`zaro ahillik va hamjihatlik bo`lgan yurtda albatta qut-baraka, taraqqiyot bo`ladi.
Takror va takror aytaman: bizning eng katta boyligimiz – O`zbekistonni o`zi uchun yagona Vatan deb biladigan ko`p millatli buyuk xalqimizdir.
Jonajon yurtimizda qaror topgan millatlararo do`stlik va ahillikni – mana shunday bebaho xazinamizni ko`z qorachig`idek asrab-avaylash barchamizning oliy burchimiz ekanini har doim yodda tutishimiz lozim” – dedi Prezident.
08.05.2023 11:45
Prezident asosiy qonunimizni takomillashtirishga o`z hissasini qo`shgan qator soha vakillariga minnatdorlik bildirdi






