Yangilangan Konstitusiyamizning birinchi moddasida O`zbekiston – suveren demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat, deb qat`iy belgilab qo`yilgani tarixiy ahamiyatga ega ekani ta`kidlandi.
Xalqimizning xohish-irodasi bilan Asosiy qonunimizda muhrlangan bu prinsiplar – mamlakatimizning taraqqiyot yo`li va taqdirini, uning kelajagini belgilab bergan ushbu “beshta ustun” hech qachon o`zgartirilmasligi qayd etildi.
"Dunyoda kundan-kunga yangi-yangi sinovlar, xavf-xatar va tahdidlar paydo bo`layotganini barchangiz ko`rib turibsiz.
Eng nufuzli siyosatshunos va ekspertlar ham, “aql markazlari” ham, jahonda sodir bo`layotgan hozirgi ziddiyat va to`qnashuvlar qachon va nima bilan tugashini ayta olmayapti.
Shunday murakkab vaziyatda, har bir ishimizda, qabul qilayotgan barcha qonun va qarorlarimizda faqat va faqat xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari eng ustuvor o`rinda turishi shart!" - dedi Prezident.
Buning uchun, birinchidan, ota-bobolarimizning asriy armoni bo`lgan, tengsiz va buyuk ne`mat – mustaqilligimizni asrab-avaylash, uni yanada mustahkamlash va kelgusi avlodlarga meros qilib qoldirish barchamiz uchun hayot-mamot masalasi ekanini unutmasligimiz zarurligi ko`rsatib o`tildi.
"Biz uch ming yillik davlatchilik tarixiga, boy va betakror madaniyatga ega bunyodkor xalqmiz. Qirq millionga yaqinlashib borayotgan aholimizning taqdiri va istiqboli, farovon hayoti uchun mas`ul va javobgarmiz.
Shu sababdan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni asrash va mustahkamlash bundan buyon ham eng muhim vazifamiz bo`lib qoladi", - dedi davlat rahbari.
Ushbu maqsadda milliy xavfsizlikni ta`minlash, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlari yangi bosqichga olib chiqilishi, “Xavfsiz shahar”, “xavfsiz mahalla”, “xavfsiz ko`cha” konsepsiyalari jadal amalga oshirilishi aytildi.
Dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda tinchliksevar tashqi siyosat davom ettirilishi, uzoq va yaqin davlatlar bilan do`stlik aloqalari, barcha sohalarda o`zaro hamkorlik rivojlantirilishi ta`kidlandi.
08.05.2023 12:03
Prezident yangilangan Konstitusiyamizning birinchi moddasi haqida gapirdi






