Yangilangan Konstitusiyaning 128-moddasida mamlakat Prezidentiga berilgan vakolatdan foydalanib, davlatimiz rahbari ikkinchi muhim farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, yurtimizda muddatidan ilgari Prezident saylovi o`tkaziladi.
"Bunday qarorga kelish uchun qanday ob`ektiv zarurat bor, degan savol tug`ilishi tabiiy, albatta. Nima uchun qolgan uch yarim yillik Prezidentlik muddatidan o`z tashabbusim bilan voz kechayapman?
Chunki, o`zingiz ko`rib turibsiz, Asosiy qonunimizga muvofiq, birinchidan, hokimiyatning barcha bo`g`inlari isloh qilinib, ular o`rtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy o`zgarmoqda.
Ikkinchidan, yangilangan Konstitusiyamiz Prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib bo`lmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni qo`ymoqda.
Uchinchidan, xalqimiz bizdan barcha sohalarda g`oyat muhim va dolzarb o`zgarish va islohotlarni kutmoqda.
To`rtinchidan, dunyoda va mintaqamizda keskin va murakkab jarayonlar hukm surayotgan hozirgi vaziyatda to`g`ri va samarali rivojlanish yo`lini izlab topish va uni amalga oshirish eng o`tkir va dolzarb masalaga aylanmoqda.
Aziz va muhtaram vatandoshlar, barchangiz ko`rib turibsiz, oldimizga bugun yanada ulkan marralar qo`ymoqdamiz.
Bundan buyon ham, davlat va jamiyat hayoti, bugungi va kelgusi taraqqiyotiga oid har bir masala bo`yicha faqat va faqat sizlar, donishmand, bag`rikeng xalqimiz bilan bamaslahat ish olib boramiz.
Asosiy qonunimizda xalq – davlat hokimiyatining birdan-bir manbai, deb bejiz yozilmagan.
Shu nuqtai nazardan, yangilangan davlat hokimiyati tizimida xalqimiz, yana bir bor aytaman, faqat xalqimiz o`zi ishongan rahbarga mandat berishi maqsadga muvofiq.
O`ylaymanki, bugungi mavjud sharoitda bu eng to`g`ri va adolatli qaror bo`ladi", - dedi Prezident.
Saylovlar qonunga to`la muvofiq holda, ochiq va oshkora tarzda o`tkazilishi qayd etildi. Bunda siyosiy partiyalar, Prezidentlikka nomzodlar yurtimiz tinchligi va uning ravnaqiga, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan yangi g`oya va tashabbuslar bilan maydonga chiqishiga ishonch bildirildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashdi.






