Mamlakatimiz suverenitetini yanada mustahkamlashda global iqlim o`zgarishi, oziq-ovqat, energetika, logistika bilan bog`liq xavf-xatarlar, suv taqchilligining salbiy ta`sirini yumshatish bo`yicha yangi tashabbus va dasturlar ishlab chiqilishi va hamkorlarimiz bilan birga faol ish olib borilishi qayd etildi.
"Biz O`zbekistonni ijtimoiy davlat, deb e`lon qildik. Mamlakatimizda 2 million 200 mingdan ziyod ijtimoiy ko`makka muhtoj, davlatdan yordam olayotgan oilalar bor. Aholimizning 55 foizi yoshlardan iborat.
Yangilangan Konstitusiyamizda davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 barobar ko`paytirilmoqda.
Bu raqamni aytish oson, lekin uni amalda ta`minlash juda katta mehnat talab qiladi. Bunga davlat byudjetidan har yili qo`shimcha 30-40 trillion so`m ajratish kerak bo`ladi", - dedi Prezident.
Buning hisobidan har yili yuzlab yangi bog`chalar, maktab va shifoxonalar qurish lozimligi ta`kidlandi.
- Yoshlar siyosatini, ta`lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida yuqori bosqichga ko`tarish bo`yicha ham yangi imkoniyatlar safarbar etiladi.
- Nuroniylar, yolg`iz keksalar, nogironligi bo`lgan insonlar, alohida e`tiborga muhtoj aholi qatlamiga ijtimoiy xizmatlar ko`lami yanada kengaytiriladi.
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori muntazam oshirib boriladi.






