Prezident Shavkat Mirziyoevning Moskva shahriga amaliy tashrifi doirasida 8 may kuni Kremlda Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
O`zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko`rib chiqildi. Ustuvor yo`nalishlardagi ko`p qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e`tibor qaratildi.
Suhbat avvalida ikki mamlakat etakchilari Ikkinchi jahon urushidagi G`alabaning 78 yilligi munosabati bilan bir-birini samimiy qutlab, faxriylarimiz, do`st xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbarini O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o`zgartirishlar kiritish bo`yicha umumxalq referendumi muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan ham tabrikladi.
Uchrashuvda ikki mamlakat etakchi korxona va kompaniyalarining joriy va istiqbolli kooperasiya loyihalarini, shu jumladan Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida qo`llab-quvvatlash muhim ekani ta`kidlandi.
O`tgan oyda Toshkent shahrida o`tgan "Innoprom" xalqaro sanoat ko`rgazmasining samarali natijalari yuqori baholandi.
O`zaro tovar ayirboshlash sur`atini ta`minlash bo`yicha muvofiqlashtirilgan choralarni ko`rish zarurligi qayd etildi. O`zbekiston va Rossiya hududlari darajasidagi faol muloqotlar qo`llab-quvvatlandi.
Bundan tashqari, tomonlar jadal madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirishdan, jumladan, sog`liqni saqlash, fan va ta`lim, madaniyat va san`at sohalarida tadbirlar o`tkazishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Bo`lajak xalqaro tadbirlar rejasi ham ko`rib chiqildi.






