O`zbekiston Cog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi delegasiyaning AQShga xizmat safari davom etmoqda, deya xabar bermoqda SSV axborot xizmati.
Ma`lum qilinishicha, vakillarimiz dastlabki muloqotni dunyoning eng nufuzli va qadimiy oliy o`quv yurtlaridan biri hisoblangan Garvard universiteti rahbariyati bilan o`tkazgan.
Shuningdek, Massachusets shtatida joylashgan mazkur muassasaga 1636 yilda asos solingan. Bu erda 21 ming nafardan ziyod talaba tahsil oladi. Xususan, universitetning Boston shahridagi Garvard tibbiyot maktabida sog`liqni saqlash sohasining deyarli barcha yo`nalishlari uchun mutaxassislar tayyorlanadi.
Ushbu muassasa bitiruvchilari orasidan 75 nafar Nobel mukofoti sovrindori, AQShning sakkiz nafar prezidenti chiqqan.
Uchrashuvda mazkur universitet bilan keng ko`lamli hamkorlik bo`yicha qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, Garvard genomika markazi bilan tibbiy-genetika sohasidagi kelishuv yurtimizda ushbu yo`nalishni tizimli ravishda yo`lga qo`yish uchun muhim asos bo`ldi.
Aytish kerak, mazkur hamkorlik yurtimizda tibbiy genetika bo`yicha markaz tashkil etish, uni eng so`nggi va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta`minlash, AQSh universitetida o`zbekistonlik mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni o`z ichiga oladi.
Shuningdek, sog`liqni saqlash tizimi rahbar kadrlarini o`qitish, tibbiy genetika mutaxassislari malakasini oshirib, ulardan trenerlar tayyorlash, ta`lim bo`yicha Garvard universiteti bilan yurtimizdagi sohaga daxldor oliy o`quv yurtlari, ixtisoslashgan markazlar o`rtasida hamkorlikni yo`lga qo`yish, ilmiy aloqalarni kengaytirish rejalashtirildi.
Binobarin, O`zbekistonda tashkil etiladigan Tibbiy genetika markazining arxitekturasi, dizayni, strategiya va konsepsiyasini birgalikda ishlab chiqish masalasi muhokama etildi.
O`z navbatida, hamkorlarimiz Toshkent tibbiyot akademiyasining Biotexnologiyalar markazi tarkibidagi genetik ilmiy laboratoriya bazasida o`zaro aloqalarni rivojlantirishga rozilik bildirdi.






