9 may kuni soat 21:25 da Samarqand viloyati Paxtachi tumani “Yangiobod” MFYda joylashgan aholiga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi hududida portlash sodir bo`lgani haqida xabar bergandik. Favqulodda vaziyatlar vazirligi holat yuzasidan qo`shimcha ma`lumot berdi.
Qayd etilishicha, 5 ta yong`in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga etib borib, yong`in soat 23:00 da bartaraf etilgan.
Yong`in natijasida, gaz quyish shoxobchasi hududida bo`lgan 3 ta Isuzu rusumli avtomashina va ularda sig`imi 50 litrli suyultirilgan uglevodorod gazlari bo`lgan ballonlar yonib zararlangan.
Hodisa shoxobchadagi MAN rusumli suyultirilgan gaz tashuvchi avtomashinadan gazni zaxira sig`imiga bo`shatish jarayonida texnika xavfsizligi qoidalarining buzilishi oqibatida yuzaga kelganligi taxmin qilinmoqda.
Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, hodisa oqibatida bir nafar fuqaro tan jarohati olgan. Hozirda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Voqea joyiga FVV, IIB, SSB va tegishli tashkilotlar xodimlari etib borgan.






