AsosiyJamiyat

Nukusdagi tartibsizliklarda aybdor deb topilgan ikki kishiga sud hukmi o`qildi

'Nukusdagi tartibsizliklarda aybdor deb topilgan ikki kishiga sud hukmi o`qildi'ning rasmi

Bugun, 2023 yil 10 may kuni Qoraqalpog`iston Respublikasi sudining Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati tomonidan sudlanuvchilar Amanbay Sagidullaev (1967 yilda tug`ilgan) va Nietbay Urazbaev (1969 yilda tug`ilgan) ga oid jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni tugab, sud hukmi e`lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi Qoraqalpog`iston Respublikasi sudining Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati sudyasi S. Davletmuratov raisligida birinchi instansiya sudida ko`rib chiqildi.

Jinoyat-prosessual kodeksining 410-moddasi (sud muhokamasida sudlanuvchining ishtiroki) ga asoslanib, sudlanuvchilar O`zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo`lganligi va ularni sudga keltirish imkoni yo`qligi bois ushbu jinoyat ishi bo`yicha sud muhokamasi A. Sagidullaev va N. Urazbaevning ishtirokisiz o`tkazildi.

E`lon qilingan sud hukmiga ko`ra:

A. Sagidullaev Jinoyat kodeksining 158-moddasi (O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish) 3-qismi, 159-moddasi (O`zbekiston Respublikasining konstitusiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 1-qismi, 4-qismi, 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) 3-qismi va 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 3-qismi tartibida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoning dastlabki 2 yilini turmada, qolgan qismini umumiy tartibli koloniyada o`tash belgilandi;

N. Urazbaev Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi, 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismi tartibida 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni umumiy tartibli koloniyada o`tash belgilandi.

Shuningdek, sudlanuvchilarning aybidan Jinoyat kodeksining 28,104-moddasi 3-qismi “a” bandi (ushbu xarakatlar Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi bilan qamrab olinganligi sababli) chiqarildi.

Bundan tashqari, sud hukmi bilan Internet tarmog`idagi A. Sagidullaevga tegishli sahifalar, kanallar bloklanishi belgilandi.

    Boshqa yangiliklar