AsosiyJamiyat

Toshkentda ona qizining o`qituvchisini maktab hovlisida urdi (video)

'Toshkentda ona qizining o`qituvchisini maktab hovlisida urdi (video)'ning rasmi

Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi maktablarning birida o`qituvchi ayol o`quvchi qizning onasi tomonidan kaltaklandi.

Holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

Ma`lum qilinishicha, voqea joriy yilning 1 may kuni Chilonzor tumanidagi 178-sonli umumta`lim maktabida sodir bo`lgan.

Aniqlanishicha, 4 sinf o`quvchi qizlari o`rtasida mayda kelishmovchilik sabab janjal yuzaga kelgan. Ertasi kuni qizning onasi maktabga kelib, qizining sinf rahbari bilan janjal ko`targan.

"Mojaro qizlar orasidagi mayda-chuyda kelishmovchilik, gap-so`zlar sabab yuzaga kelgan. Shu janjaldan onasi emosiyaga berilib, o`qituvchini urib ketgan. Bu holat direktor xonasida ham muhokama qilingan, yopilgan edi, lekin ertasi kuniga bunday urush-janjallar bo`ldi",- deydi janjal sodir bo`lgan maktabning direktor o`rinbosari.

Kaltaklangan o`qituvchi mazkur voqeani quyidagicha izohladi.

"Ayol kishi bo`la turib, shunaqa so`kib tashladiki, men bunday haqoratli so`zlarni eshitmaganman. Sen kimsan o`zi, meni qizimga gapiradigan dedi. Men u hali kichkina ekanligini, endi rivojlanayotgan shaxs ekanligini aytdim. Shunda kutilmaganda boshimga urib, qornimga tepdi. Bolam ham ajratmoqchi bo`lgan edi, unga ham qo`l ko`tardi. Shu bilan jon holatda 102ga telefon qildim".

Ta`kidlanishicha, qizning onasi o`qituvchini "hammaning oldida bolamga gapirishga nima haqqing bor?!", deya urgan.

O`qituvchiga qo`l ko`targan ayolning so`zlariga ko`ra, pedagog unga "yolg`onchilar oilasi bo`lganidan keyin yolg`onchilar oilasi deymanda, qo`lingdan kelganini qil"degan va shundan keyin ayol uni urgan. Bu vaqtda o`qituvchining o`g`li etib kelib, ayolni ham ura boshlagan.

Hozirda ushbu holat Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi nazoratiga olingan. O`qituvchi tomonidan Chilonzor tuman IIO FMBga murojaat qilingan. Hozirda huquq-tartibot xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari davom etmoqda, - deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar