AsosiyJamiyat

Andijonda mashina urib yuborgan obodonlashtirish xodimlari kechasi ishga majburan chiqarilgan — Mehnat inspeksiyasi

'Andijonda mashina urib yuborgan obodonlashtirish xodimlari kechasi ishga majburan chiqarilgan — Mehnat inspeksiyasi'ning rasmi

Avvalroq, Andijon viloyatining Marhamat tumanida obodonlashtirish xodimi bo`lgan ikki nafar ayolni mashina urib yuborgani, ulardan biri vafot etgani haqida xabar bergandik. YTH xodimlar kechasi ishga jalb qilingan vaqtda sodir bo`lgani haqida xabarlar tarqalgandi. Holat Kambag`allikni qisqartirish va bandlik inspeksiyasi tomonidan o`rganildi. 

Tekshirish jarayonida, ishchilarni Mehnat kodeksi talablariga zid ravishda, ya`ni ish vaqtidan tashqari ishlarda, tungi ishlarda, shuningdek, dam olish kunlarida ma`muriy tarzda majburan ishlatib kelinayotganliklari aniqlandi. 

Mazkur holat bo`yicha, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig`iga nisbatan MJtKning 51-moddasi 1-qismiga asosan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qo`llanildi. Ma`lumot uchun, mazkur moddada BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha bo`lgan jarima jazosi belgilangan.

Qayd etilishicha, sodir bo`lgan avtohalokat natijasida vafot etgan xodimning oila a`zolariga etkazilgan zarar summasi — marhumaning o`rtacha 6 yillik ish haqi, ya`ni 122 mln 633 ming so`m miqdoridagi bir yo`la to`lanadigan nafaqa Mehnat Kodeksining 328-moddasi talablariga muvofiq, to`lanadi. Bundan tashqari, turmush o`rtog`iga va 2 nafar farzandlariga 490 ming so`mdan har oyda to`lanadigan etkazilgan zarar summasi Mehnat Kodeksining 323-moddasi talablariga asosan to`lanadi.

Sodir bo`lgan avtohalokat natijasida og`ir tan jarohati olgan ishchiga uning davolanishi davomida kasallik varaqalari bo`yicha to`lovlarni o`z vaqtida hisob-kitob qilinishi va to`lanishini ta`minlash, mehnatga layoqatsizlik darajasi belgilanganda, uning o`rtacha bir yillik ish haqi 21 mln 313 ming 772 so`m miqdorida bir yo`la to`lanadigan nafaqa summasi va oyma-oy to`lanadigan etkazilgan zarar summasi hisoblandi.

“Yuz bergan baxtsiz hodisa natijasida xodimlarning oila a`zolari, farzandlariga boquvchisining vafoti tufayli bir yo`la nafaqa va oyma-oy to`lanishi lozim bo`lgan zarar to`lovlari Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi va buning ijrosi Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi tomonidan nazoratga olinadi. Maxsus tekshiruv yakuni bo`yicha, barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda hududiy Ichki ishlar organiga yuborilishi ta`minlanadi”, - deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar