Jizzax viloyati Baxmal tumanida bedarak yo`qolgan olti yoshli bolaning kanaldan jasadi topildi. Bu haqda "Millar" dasturida xabar berildi.
Ma`lum qilinishicha, 3 may kuni Jizzax viloyati Baxmal tumani Navro`z qishlog`ida yashovchi 6 yoshli bola yo`qolgan. Uning oila a`zolari oradan ikki kun o`tgach bola jasadini kanaldan topishgan. Bolakayning otasi farzandining o`limi sababidan shubhalanayotganini aytgan.
"5 may kuni soat 14:10 da o`g`limning jasadini suvdan topdik. Tanasini ko`rganimda u 40 soat suvda qolib ketganga o`xshamadi. O`limining sababi suvda cho`kish, deyilyapti. O`zi cho`kkanmi yoki cho`ktirilganmi, bu noma`lum. U yashash uyimizdan ikki kilometr uzoqlikda topilgan. Ustida kiyimi bor edi. Lekin topganimizda futbolkasi yo`q edi. Tanasida ortiqcha shilinish-tirnalishlar yo`q. Yo`qolgan payt ko`chada odam gavjum bo`lgan. Lekin uni suv bo`yiga borganini ko`rgan odam yo`q. Tegishli tashkilotlar nazoratini yanada kuchaytirishini so`rayman", — deydi bolaning otasi.
Hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.






