Davlatimiz rahbari Shayxontohur tumanidagi nodavlat ta`lim muassasasini borib ko`rdi.
Ming o`rinli bu maktab ingliz tili, sharq tillari va aniq fanlarni o`rgatishga ixtisoslashgan. Muassasada o`quv va kompyuter xonalari, STEM laboratoriyasi, kutubxona, oshxona, sport zali, basseyn mavjud.
Maktabdagi o`quv va mashg`ulotlar mamlakatimizda yoshlarni kamida ikkita xorijiy til va bitta hunarga o`rgatish talabiga mos. Maxsus jihozlangan xonalarda o`quvchilar tikuvchilik, duradgorlik, kompyuter sirlarini o`rganmoqda. Yoshlarning qiziqishlariga mos turli to`garaklar ham tashkil etilgan.
Prezidentimiz ushbu maktab tajribasi asosida kichik hududda ko`p o`quvchi o`rinlarini yaratish, nodavlat maktablarda ta`lim sifatini nazorat qilish muhimligini ta`kidladi.
O`quvchilar bilan muloqotda bilim eng yaxshi investisiya ekani, davlat yoshlarning zo`r mutaxassis bo`lib, kelajakda yo`lini topishi uchun barcha sharoitlarni yaratishi qayd etildi.